French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat faoliyatida mahalliy kengashlar bilan hamkorlik kuchaytirilgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda
11:42 / 2025-02-28

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Senatning birinchi majlisidagi nutqida qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etish, ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etgan.

Ayni paytda Senat faoliyatida buning amaldagi isboti yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Senatning, ayniqsa, qo‘mitalarning mahalliy kengashlar bilan hamkorligi kuchaytirildi.

Qonunlar va boshqa masalalarni ko‘rib chiqishda, yalpi majlislarda mahalliy kengashlar vakillari, ulardagi mavjud komissiyalar a’zolarining fikrlari inobatga olinmoqda.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda xalq deputatlari mahalliy kengashlari uchun o‘tkazilgan seminar ham shu maqsadga qaratildi.

Qo‘mita raisi Anvar To‘ychiyev boshqargan seminarda Senat va mahalliy kengashlar oldida turgan dolzarb vazifalar va muhim tashabbuslar muhokama qilindi.

Xususan, sohaga oid qonunlarni ko‘rib chiqishda mahalliy kengashlar deputatlarini jalb qilish hamda ularning fikrini olish, qonunlar qabul qilinishida hududlarning o‘ziga xos xususiyati va imkoniyatlarini hisobga olish zarurligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, mahalliy kengashlar va doimiy komissiyalar faoliyatini yanada rivojlantirish, qo‘mita va mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, mahalliy ijro hokimiyati ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Seminarda Senat tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanma va namunaviy tartiblarning mazmun-mohiyati mahalliy kengashlar deputatlariga tushuntirib o‘tildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligini isloh qilish va rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratishga doir normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan qat’iy deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borish tartibi tushuntirildi.

Bundan tashqari, mahalliy kengashlar deputatlari va kotibiyati xodimlari tomonidan kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish hamda qabul qilinayotgan hujjatlarning sifatli bo‘lishini ta’minlashda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bunda, mutaxassislar tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirishda sohada kuzatilayotgan muammolar misolida tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Senatorlar, ekspertlar, mahalliy kengashlar kotibiyati va doimiy komissiyalari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda mahalliy kengash deputatlari so‘zga chiqib o‘z fikrlari va takliflarini bildirdi hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

Norgul Abduraimova, O‘zA