Oliy Majlis Senatida xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari raislari hamda hokimlar uchun o‘quv seminarlari o‘z ishini boshladi.
Tadbirning ochilishida Senat Raisi Tanzila Norboyeva yangi konstitutsiyaviy sharoitda ijro va vakillik hokimiyati oldida turgan ustuvor vazifalarga to‘xtaldi.
“Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili jamiyatda ochiqlikni ta’minlash, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan ishlar samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Zotan, islohotlardan asosiy maqsad – ijro va vakillik hokimiyatining yangi institutsional modelini yaratish, davlat boshqaruvida samaradorlik va hisobdorlikni ta’minlashdir.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan “islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirish” g‘oyasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy falsafasi ekani ta’kidlandi.
Prezident tomonidan belgilab berilgan oltita ustuvor yo‘nalishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatidagi asosiy vazifalarga e’tibor qaratildi.
Mazkur vazifalarning barchasi tuman va shaharlar kesimida xalq manfaatlari yo‘lida adolatli qarorlar qabul qilish, mas’uliyatli yondashuvni namoyon etish va amaliy natijalarga erishishni talab etadi.
Mazkur o‘quv seminarlari hududlarning qamrovi va ishtirokchilar sonini inobatga olgan holda to‘rtta guruhga bo‘lib tashkil etilgan.
Jumladan, birinchi guruh tinglovchilari uchun mashg‘ulotlar 19-21 yanvar kunlari o‘tkazilib, ularda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahar deputatlari va hokimlar ishtirok etmoqda.
O‘quv seminarlari barcha hududlarni bosqichma-bosqich qamrab olib, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan muhim o‘quv-amaliy maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Uch kun davom etadigan o‘quv seminarlari doirasida tinglovchilar mahalliy kengashlar faoliyatini takomillashtirish, hokimiyatlar bo‘linishi prinsiplari, kengash va hokimliklarning o‘zaro hamkorligi, deputatlarni qonun ijodkorligi faoliyatiga keng jalb qilish, qarorlar qabul qilishida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.
Bundan tashqari, byudjetni shakllantirish, uning bajarilishi ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirish, aholi muammolarini aniqlash va ularni tizimli hal etishda kengashlar rolini kuchaytirish, shuningdek, “mahalla yettiligi – kengash – Senat” tamoyili asosida ishni samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA