Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: Buxoro va Qashqadaryoda yutuqlar bilan birga, yechimini kutayotgan muammolar ham bor
16:12 / 2023-10-31

Senat ishchi guruhi tomonidan joriy yil 16-19 oktyabr kunlari Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi o‘rganildi.

Oliy Majlis Senati kengashining navbatdagi majlisida mazkur o‘rganish natijalari atroflicha va tanqidiy muhokama qilindi.  

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda mazkur hududlarni ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.    

Buxoro viloyatida 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi hududiy mahsulot hajmi 37,1 trillion so‘mni, o‘sish sur’ati 4,3 foizni tashkil qilgan.  Shuningdek, sanoat ishlab chiqarish hajmi 6 foizga, qurilish-pudrat ishlari 2,9 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,7 foizga, xizmat ko‘rsatish ko‘lami 9,3 foizga o‘sishi ta’minlangan.  

Qashqadaryo viloyatida esa yalpi hududiy mahsulot hajmi 41,6 trillion so‘mni, o‘sish sur’ati 4,5 foizni tashkil qilgan. Shuningdek, sanoat ishlab chiqarish hajmi 7 foizga, qurilish - pudrat ishlari 9 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,6 foizga, xizmat ko‘rsatish 9,4 foizga o‘sgan.  

Investitsiya dasturlari doirasida Buxoro viloyatida 463, Qashqadaryo viloyatida 795 loyihaning ishga tushirilgani natijasida 11,6 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.  

Buxoro viloyatida 351,3 million dollarlik va Qashqadaryo viloyatida 245,5 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kredit va investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Hududiy eksport prognozi ko‘rsatkichlari ijrosi doirasida mahsulotlar eksport hajmi Buxoro viloyatida 158,1 million dollarni va Qashqadaryo viloyatida 250 million dollarni tashkil etgan.  

Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha Buxoro viloyatida 1,4 trillion so‘mlik va Qashqadaryo viloyatida 838,4 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan.  

Iqtisodiy faollikning oshishi natijasida Buxoro viloyatida 4,5 mingta va Qashqadaryo viloyatida 5 mingga yaqin yangi kichik tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilgan.  

Buxoro viloyatida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 56 ming va Qashqadaryo viloyatida 86 mingdan ziyod xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatilgan.  

Muhokama jarayonida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, yechimini kutayotgan ayrim kamchilik va muammolarga ham e’tibor qaratildi.  

Xususan, Dehqonobod tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ta’minlanmagan. Yakkabog‘, Muborak, G‘uzor, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahrida eksport prognozi ko‘rsatkichlariga erishilmagan.  

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan resurs mablag‘laridan foydalanish darajasi Buxoro va Kogon shaharlarida pastligicha qolmoqda.  

Shuningdek, Qamashi, Nishon, Mirishkor tumanlari va Qarshi shahrida muammoli kreditlar qoldig‘i yil boshiga nisbatan oshgan.  

Qorako‘l, Olot, G‘ijduvon tumanlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, shu jumladan, yangi sub’ektlarni tashkil etish, faoliyati to‘xtab qolgan va past quvvatda ishlayotgan korxonalar samaradorligini oshirish borasidagi ishlar yetarli darajada amalga oshirilmagan.  

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan viloyatlarda kuz-qish mavsumi doirasida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlarni jadallashtirish, davlat dasturlari hisobiga ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga erishish borasida qator takliflar bildirildi.  

Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga dasturlar ijrosi bilan bog‘liq masalalarni mahallabay ishlash tizimi asosida o‘rganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.  

N.Abduraimova, O‘zA