Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: Bandlikni ta’minlash bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagan
16:52 / 2022-07-21

Senatda tuzilgan ishchi guruh tomonidan joriy yil may-iyun oylarida Buxoro, Jizzax, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.

Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida mazkur o‘rganish natijalari muhokama qilindi.   

O‘rganish davomida qurilish sohasida yaratilgan yangi ish o‘rinlarining Buxoroda 83 foizi, Namanganda 74 foizi, Farg‘onada 82 foizida aholi bandligi soliq organi ma’lumotlari bazasida qayd etilmagani aniqlandi. Jizzax viloyatida esa pudrat korxonalari kesimida yaratilgan ish o‘rinlarining hisobi yuritilmagan. 

Mehnat yarmarkalarida korxona va tashkilotlar yetarli miqdordagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etgan bo‘lsa-da, ishsiz fuqarolarni yarmarkalarga jalb qilish, ularni taklif etilgan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan. 

Jumladan, o‘tkazilgan yarmarkalarga jalb etilgan jami fuqarolarning Farg‘ona shahrida 2 foizi, Quvasoy shahrida 4 foizi, Qo‘qon shahrida 7 foizi va Farg‘ona tumanida 6 foizi taklif etilgan ish o‘rinlari bo‘yicha bandligi ta’minlangan, xolos. 

Kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash dasturining ijrosi Chust tumanida 55 foiz, Dang‘ara tumanida 61 foiz, Davlatobod tumanida 62 foiz, Baxmal tumanida 67 foiz va Vobkent tumanida 70 foizga bajarilmagan. 

Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Uchko‘prik (2 foiz), Oltiariq (3 foiz), G‘ijduvon (9 foiz) va To‘raqo‘rg‘on (9 foiz) tumanlarida qayd etilib, mavjud imkoniyatdan samarali foydalanilmagan. 

Jizzax viloyati hokimligi huzurida tashkil etilgan Yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tadbirkorlik sub’ektlarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga resurs sifatida mablag‘ ajratilmagan. 

N.Abduraimova, O‘zA