Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: atmosfera havosiga 10 ming tonnadan ortiq zararli tashlamalar chiqarilishining oldi olingan
21:23 / 2023-12-20

Senat yalpi majlisida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining iqlim o‘zgarishining oldini olishda atmosfera havosini muhofaza qilish hamda hududlarni yashillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida atmosfera havosini muhofaza qilish, hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish masalalari iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalari, shuningdek, Barqaror rivojlanishning milliy maqsadlari va vazifalariga kiritilgan.

Parij bitimi doirasida 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 35 foizga kamaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Iqlim o‘zgarishining oldini olishga qaratilgan dasturlar doirasida atmosfera havosiga ta’sir xavfi yuqori bo‘lgan 44 ta sanoat korxonasining ifloslantirish manbalaridan namuna olish va tahlil qilish bo‘yicha 69 ta avtomat stansiyasi hamda ularga tutash hududlarda 27 ta ko‘chmas kuzatish punktlari o‘rnatilgan.  

Joriy yilda  147 ta ishlab chiqarish va sanoat korxonalaridagi 716 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini ta’mirlash va yangilash natijasida atmosfera havosiga 10 ming tonnadan ortiq zararli tashlamalar chiqarilishining oldi olingan.  

“Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida atmosferadagi RM10–RM2,5 mayda zarralarni o‘lchovchi 2 ta stansiya o‘rnatilgan.

Faoliyat olib borayotgan 14 ta sanoat korxonasida samaradorligi 95 foizdan kam bo‘lmagan hamda 12 ta yangi tashkil etilgan korxonada esa 99,5 foizdan kam bo‘lmagan 32 ta chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgan.  

“Toza havo” tadbirlari doirasida 2 ming 914 ta avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilishi natijasida atmosfera havosiga 209,232 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olingan.  

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilda 217  million tup ko‘chat ekilgan. Atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan 189 ta sanoat korxonalari atrofida 1 million 730 ming tup ko‘chat ekilib “yashil belbog‘”lar,  shuningdek,  196 ta chiqindi poligonlari atrofida 135 ming tup daraxt ekilib, ihota daraxtzorlar barpo qilingan.

Hududlar iqlimiga mos, kam suv talab etadigan 650 gektar maydonda ko‘chatxonalar tashkil etilgan. Ko‘chatlarni suv bilan ta’minlash maqsadida 893 ta quduq qazilib, 1 ming 58,7 km uzunlikda sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan.

Ta’kidlanganidek, amalga oshirilgan ishlar bilan sohada ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Jumladan, atmosferaga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kamaytirish ishlari yetarli darajada olib borilmagani natijasida tashlamalar miqdori hozirda qariyb  2,2 ming tonnaga yetgan.  

Korxonalardagi mavjud 6 mingdan ortiq chang-gaz tozalash uskunalarining 60 foizi tozalash samaradorligi o‘rtacha 86,5 foizni tashkil etmoqda.  

Bahorgi mavsumda ekilgan 1,8 million ko‘chatni parvarishlashga mas’ullar biriktirilmagan. Sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga 7,3 million tup ko‘chat ekilgani, daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani tanqid ostiga olindi.

Muhokamalar yakunida respublikamizning barcha hududlarida atmosfera havosi ifloslanishi darajasini ruxsat etilgan me’yorlargacha tushirish, xalqaro kelishuvlar va majburiyatlar doirasida 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari tashlamalarini 35 foizga kamaytirish hamda atmosferaga metan gazini tashlashni 30 foizga qisqartirish choralarni ko‘rish zarurligi qayd etildi. Shaharlar va sanoati rivojlangan shaharlarda mayda dispersli RM10 – RM2,5 zarralarni avtomatik o‘lchovchi asbob-uskunalar o‘rnatish lozim. Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va sanoat korxonalarning chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligini 99,5 foizga yetkazish choralarini ko‘rish kerak.  

Shuningdek, daraxtlarning elektron xaritasini yaratish, yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi darajasini pasaytirish bo‘yicha tegishli ishlarni tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.  

Transport vositalarini ekologik toza energiya manbalariga o‘tkazish, ekologik toza transport vositalarini ko‘paytirish, “Toza havo” tadbirlari samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Muhokama yakunida mazkur masalalarni qamrab olgan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.  

N.Abduraimova, O‘zA