French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: Andijonda hududlarni rivojlantirishda kamchiliklar bor
19:36 / 2024-02-10

Senat yalpi majlisida Andijon viloyatida “yo‘l xaritalari”ning 2023 yildagi ijrosi muhokama qilindi.

“Yo‘l xaritalari” ijrosi doirasida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishilgani qayd etildi.

Xususan, 2023 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,1 foizga, sanoatda 7,3 foizga, qishloq xo‘jaligida 4 foizga, xizmatlar ko‘rsatish sohasida 11,3 foizga va qurilish ishlari hajmi 3,2 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi esa 20,3 million so‘mni hamda o‘sish sur’ati 2,8 foizni tashkil etgan.

Investitsiya dasturlari doirasida 30 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Viloyatda 802 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha 206 loyiha doirasida 5,1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 128 ob’ekt foydalanishga topshirilgan.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan 91 mingga yaqin xotin-qizlarga hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 31 mingdan ziyod yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan aholini daromadli mehnat bilan band qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hududiy bandlik dasturi doirasida doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish o‘rinlari hisobiga 532 ming kishining bandligi ta’minlangan.  

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 47,6 mingdan ziyod loyiha uchun 876,4 milliard so‘m kredit ajratilgan.

Shu bilan birga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “yo‘l xaritalari” ijrosini ta’minlashda ayrim kamchiliklar va o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligi aytib o‘tildi.

Xususan, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil qilish maqsadida bo‘sh turgan binolar va yer maydonlariga tadbirkorlarni jalb qilish bo‘yicha belgilangan ayrim vazifalar ijrosining samaradorligi past.

Shahar va tumanlarda bo‘sh turgan 28 davlat ob’ekti uch oydan ortiq vaqt mobaynida auksion savdolariga qo‘yilganiga qaramay, savdolar bo‘lib o‘tmagan, deb topilgan. Asaka va Jalaquduq tumanlarida esa auksionga chiqarilgan yer maydonlarining 20 foizi ham sotilmagan.

Shahrixon tumanida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida muammoli kreditlar qoldig‘i yil boshiga nisbatan o‘sgan.

Soliq to‘lovchilarning byudjet oldidagi muddati o‘tgan qarzdorligi Baliqchi, Jalaquduq, Marhamat va Xo‘jaobod tumanlarida oshgan.

Paxtaobod, Bo‘ston va Oltinko‘l tumanlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvotalangan ish o‘rinlaridan samarali foydalanilmagan.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan viloyatda xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish, past quvvatda ishlayotgan sanoat korxonalari bilan ishlash, investitsiyalar jalb qilish, eksport hajmini oshirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mas’ul vazirlik va idoralarga ko‘rsatib o‘tildi. Ularni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

Bunda turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda yo‘l va infratuzilmani yaxshilash, mahalliy byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlashda iqtisodiy kompleks rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, xotin-qizlarning bandligini ta’minlashda subsidiyalash mexanizmidan keng foydalanish masalalariga urg‘u berildi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA