Aholiga avtotransport xizmatini ko‘rsatishni yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy shaklga o‘tkazish, yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash dolzarb masala hisoblanadi.
Shu sababli Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda aholiga transport xizmatlarini ko‘rsatish sohasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, muammo va kamchiliklar yuzasidan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Dastlab Transport vazirligi mas’ul xodimlari sohada amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Internetda Toshkent shahrida avtobuslarning harakat nuqtasini kuzatish maqsadida “Toshkent transporti” mobil ilovasi ishga tushirilgan.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida jamoat transportlarining oraliq intervallari qisqartirilib, zamonaviy yangi metro bekatlari foydalanishga topshirildi. Avtobuslar harakati uchun ayrim yo‘llarda alohida yo‘laklar tashkil etilgan hamda avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlari joriy etilgan.
Munozaralar jarayonida sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, aholiga transport xizmatlarini ko‘rsatish sohasida o‘z yechimini kutayotgan bir qator masalalarga ham e’tibor qaratildi.
Jumladan, O‘zbekiston iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, transport xizmatlarini ko‘rsatishda kamchiliklar bo‘yicha aholi tomonidan 252 murojaat kelib tushgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlari hududlarida jamoat transportlarida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlari joriy etilmagan.
Bundan tashqari, yo‘lovchi tashuvchi jamoat transportlari, avtoshohbekatlarda nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun avtotransport vositalariga chiqish uchun maxsus moslamalarning o‘rnatilmagani, temir yo‘l xizmatlari ko‘rsatishda kamchiliklar mavjudligi jamoatchilik va aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Muhokamalar jarayonida Senat a’zolari, deputatlar hamda jamoatchilik vakillari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlarini yanada takomillashtirish uchun zarur choralar ko‘rilishi yuzasidan aniq taklif va tegishli tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA