Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: Aholi murojaatlarini qanoatlantirish darajasi pasaygan
10:10 / 2023-03-01

Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning murojaatlar bilan ishlash ko‘rsatkichlari sohalar hamda hududlar kesimida tahlil qilinganda murojaatlarni qanoatlantirish darajasi pasaygani ma’lum bo‘lgan.

Murojaatlar muddatidan kech ko‘rib chiqilayotgani bois takroriy murojaatlar soni ortgan. Muammolar amalda hal etilmay, murojaat mualliflariga tushuntirish berish orqali murojaatlarni ko‘rib chiqish holatlari ko‘paygan, sayyor qabullar o‘tkazish ishlari nazardan chetda qolgan.  

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.  

Majlisda Qishloq xo‘jaligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyati hokimliklarining murojaatlarni ko‘rib chiqishga oid faoliyati yuzasidan axborotlar eshitildi.  

Nomi qayd etilgan vazirliklar tomonidan murojaatlar muddatidan kech ko‘rib chiqilgan. Oqibatda takroriy murojaatlar yuborish ko‘paygan. Hududlar kesimida murojaatlar oshgan, sayyor qabullar tashkil etilishiga e’tibor qaratilmagan. Ayrim murojaatlarga yakuniy javob berilmay nazoratdan yechilgan.  

Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqishga yetarli e’tibor qaratilmagani sababli ularning soni ko‘paygan. Ularni qanoatlantirish darajasi past. “Temir daftar” va “Yoshlar daftari” bilan bog‘liq masalalar hamda moddiy yordam va ijtimoiy nafaqa tayinlashga oid murojaatlar soni oshgan. Tuman (shahar) hokimlari tomonidan shaxsiy qabullarga yetarli e’tibor qaratilmagan.  

Ko‘rsatkichlari nisbatan past darajada baholangan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, Tog‘-kon va geologiya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining murojaatlar bilan ishlash faoliyati ham muhokama qilindi.  

Majlisda senatorlar, ekspert-mutaxassislar hamda amaliyotchi olimlar tomonidan kun tartibidagi masala yuzasidan mutasaddilarga savollar berildi, fikr-mulohaza, taklif va tavsiyalar bildirildi.  

Tadbirda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga qat’iy rioya qilish, murojaatlar bilan ishlashni to‘g‘ri tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.  

Tizimli muammolar va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni mahalla yoki quyi tizimning o‘zida bartaraf etish choralarini ko‘rish, joylarda jonli muloqotlar va sayyor qabullarni muntazam tashkil etish, takroriy murojaatlarning oldini olish, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va hal etish kabi vazifalar belgilab olindi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA