Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, sohada faoliyat olib borayotgan sub’ektlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu maqsadda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi mazkur qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi va “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunlarga tahririy o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazilganligi munosabati bilan amaldagi qonunchilikni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi sub’ektlar, issiqxona xo‘jaliklari hamda o‘z huquq va manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlarga kiritilgan da’volar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, agrar sohadagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Qo‘mita tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlarining Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari uchun seminar ham o‘tkazildi.

Seminarda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, ularning eksport hajmini kengaytirish, ularga kvota ajratish hamda sohada ilmiy tadqiqotlar olib borilishi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan 73 tumanda 2024 yilda 22,3 ming gektar maydonda 100 turdan ortiq dorivor o‘simlik xomashyosi tayyorlangan.
Xitoyga dorivor o‘simliklarni eksport qilish bo‘yicha fitosanitar ruxsatnoma olingan hamda 71 eksportyor korxona eksport qilish reyestriga kiritilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga dorivor o‘simliklarning davlat kadastri to‘laqonli yuritilmayotganligi, sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini tijoratlashtirish, dorivor o‘simliklar xomashyosi hamda ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyalarini tashkil etish kabi masalalarga e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA