Senat yalpi majlisida o‘tgan yilda senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar amaliy natijalariga to‘xtalib o‘tildi.
Poytaxtning Yakkasaroy tumanini rivojlantirish va aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari doirasida ikkita zamonaviy maktab binosi barpo etildi. Bitta tibbiyot muassasasi, ikkita ko‘p qavatli uy mukammal ta’mirlandi. Elektr, suv tarmoqlari yangilanib, hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Yalpi majlislardagi eshituvlar, parlament so‘rovlari orqali mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda hududlar, soha va tarmoqlardagi dolzarb masalalarga yechim topish e’tibor markazida bo‘ldi.

Misol uchun, Markaziy bank boshqaruvi raisining hisoboti eshituvida ko‘tarilgan masala, ya’ni kredit bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqqan bo‘lishiga qaramasdan, tijorat banklari tomonidan Fuqarolik kodeksi qoidalariga zid ravishda tadbirkorlik sub’ektlaridan kredit foizi va penya undirish holatlari o‘rganildi. Natijada 181 milliard so‘mdan ziyod ortiqcha hisoblangan yoki undirilgan mablag‘lar tadbirkorlarga qaytarildi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil ma’ruzasida qayd etilgan – Bo‘stonliq, Yangiyer, Sherobod va G‘allaorol tumanlari ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilib, zarur sharoitlar yaratilishi ta’minlandi.

Bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilgan parlament so‘rovida ko‘tarilgan ko‘plab masalalar Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlangan kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tashkil etildi. Bu kelgusi besh yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturiga kiritilib, zarur resurslar yo‘naltirildi.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Majburiy ijro byurosiga yuborilgan parlament so‘rovi doirasida davlat ijrochilarining ish hajmi me’yorlari qayta ko‘rib chiqildi. Ular faoliyati samaradorligini oshirish, tizimda mas’uliyat va javobgarlikni kuchaytirish choralari belgilandi.
– Joylardagi muammoli masalalarni yalpi majlis minbariga olib chiqib, mas’ul vazirlik, idoralar bilan birgalikda hal etishga qaratilgan amaliyot samarali olib borildi, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Hamkasblarimiz ko‘targan 10 dan ziyod masala, xususan, suv, elektr, yo‘l, ijtimoiy, madaniy ob’ektlar holatini yaxshilash, iste’molchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga oid muhim masalalarni hal qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Xususan, Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasida elektr ta’minoti bo‘yicha ko‘tarilgan masala yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilib (yangi transformator, kabel, simyog‘ochlar va h.k.), 2,5 mingga yaqin aholining elektr ta’minoti yaxshilandi.
Qashqadaryo viloyatidagi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonalari holati yuzasidan ko‘tarilgan masalaga ham o‘z vaqtida e’tibor qaratildi. Mirishkor, Yakkabog‘, Dehqonobod, Nishon, Qamashi tumanlari kutubxonalaridagi shart-sharoitlarni yaxshilash uchun zarur resurslar ajratildi. Joriy yilda viloyatning qolgan tumanlarida ham bunday maxsus kutubxonalar holati yaxshilanadi.
Mobil aloqa abonentlarning roziligisiz ularni pullik xizmatlarga avtomatik tarzda ulab qo‘yish holatlari yuzasidan senator Qutbidin Burhonov ko‘targan masala bo‘yicha ham aniq choralar ko‘rildi. 26 yanvar kuni O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari yangi tahrirda qabul qilindi.
Unga ko‘ra, endilikda abonentlarning rozilik tasdig‘ini olmasdan xizmatlarni avtomatik ulashga yoki dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni pulli qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, kontent provayderlari tomonidan abonentlarga taqdim etiladigan barcha pulli xizmatlar dastlab nofaol holatda bo‘lishi kerak.
Sodda qilib aytganda, bundan buyon kerak-nokerak xizmatlar ulab qo‘yilgani uchun telefonning puli tugab qolishi holatlariga barham beriladi.
Umuman olganda, kiritilgan yangi qoidalar mobil telefon abonentlari huquqlarini himoya qilishni sezilarli darajada kuchaytiradi (Mazkur qoidalar aprel oyi oxirida kuchga kiradi).
Xuddi shu tarzda, muammoli masalalarni senator so‘rovi vositasida hal qilishga ham alohida e’tibor qaratildi. Yil davomida ijro organlariga 150 dan ziyod senator so‘rovi yuborilib, e’tibordan chetda qolgan turli muammolar (litsenziyalash, sug‘urta, transport xizmatlari va h.k.) tizimli hal qilish choralari ko‘rildi.
Umuman olganda, Senatning nazorat-tahlil faoliyati doirasidagi barcha ishlar Prezidentimiz olib borayotgan xalqni rozi qilish siyosatiga hamohang tarzda amalga oshirilmoqda.
Norgul Abduraimova,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA