English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat aʼzolari jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi
19:13 / 2019-10-26

Andijon viloyati hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari T.Madumarov, T.Yoʻldosheva, Sh.Mamatqulovning keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.


Andijon viloyati hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari T.Madumarov, T.Yoʻldosheva, Sh.Mamatqulovning keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Unda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari, saylov komissiyalari raislari, davlat, jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida maʼqullangan qonunlar va muhokama qilingan boshqa masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlar mazmun-mohiyati xususida soʻz yuritildi.

Senatning yalpi majlisida 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar dasturini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi, “Metsenatlik toʻgʻrisida”gi, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi, “Mudofaa toʻgʻrisida”gi, “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi kabi qator qonunlari koʻrib chiqildi.

Senatorlar tomonidan yuqorida qayd etilgan qonunlarning ahamiyati, mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish, aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini samarali tashkil etish, fuqarolarning qonunlarni bilish, huquqiy savodxonligini yanada yuksaltirish yuzasidan fikr-mulohaza, taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tadbirda joriy yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlar hamda saylovga tayyorgarlik jarayonidagi tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi meʼyorlari va qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Senat yalpi majlisida koʻrilgan Boʻz tumanini Boʻston deb oʻzgartirish, Xonobod shahrida turizmni rivojlantirish, shaharni kengaytirishga oid masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov soʻzga chiqdi.