Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senat: 2026 yilga mo‘ljallangan davlat byudjetida ijtimoiy soha maqsadlariga ustuvorlik berilgan
09:31 / 2025-12-10

Senat qo‘mitalarida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi”gi qonun keng muhokama etilmoqda.

Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida davlat byudjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va ijtimoiy soha maqsadlariga ustuvorlik berilgani alohida qayd etildi.  

Qishloq xo‘jaligiga 3,4 trillion so‘m, suv xo‘jaligiga qariyb 10 trillion so‘m hamda ekologiya va atrof- muhitni muhofaza qilishga 908,6 milliard so‘m ajratilayotgani alohida qayd etildi.

Qonun bilan nasos stansiyalarida energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish tadbirlariga sarflanadigan xarajatlar uchun 65 milliard so‘m hamda qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 250 milliard subsidiya ajratilishi nazarda tutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, kelgusi yilda suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda yo‘qotishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Qonunda yer maydonlarini yangidan o‘zlashtirish va qishloq xo‘jaligida qayta foydalanishga kiritish bo‘yicha irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish xarajatlari uchun 50 milliard so‘m ajratilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun qishloq va suv xo‘jaligi hamda ekologiya sohalarida ustuvor etib belgilagan vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal qilish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama rag‘batlantirishga, teng va adolatli raqobat muhitini yaratishga qaratilgan.

***

Senatning Xalqaro munosabatlar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida kelgusi yilda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish va turistlar oqimini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 100 milliard so‘m transfertlar ajratilishi qayd etildi.

Muhokama jarayonida byudjet daromadlarini oshirish va byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Senatorlar mahalliy kengashlar vakolatlari kengayib, tumanlar hamda shaharlarning ommaviy dam olishga va (yoki) turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarida mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalariga Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni joriy etish kabi qator vakolatlar berilayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Qo‘mita a’zolari mazkur qonun mamlakatimizda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, tashqi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish va turizm sohasida qulay muhit yaratishga xizmat qilishini qayd etdi.

Qo‘mitalarda o‘tgan muhokama yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA