Qonunda 2023 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 5,3 foizni va iste’mol narxlari indeksi 2022 yilning dekabr oyiga nisbatan 9,5 foiz miqdorida bo‘lishidan kelib chiqib, Davlat byudjeti parametrlari hisob-kitob qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan byudjetining daromadlari 2023 yilda 310,7 trillion so‘mni, xarajatlar esa 343,2 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
2023 yilgi Davlat byudjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trillion so‘mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qiladi.
Davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan miqdori, ayniqsa, e’tiborli. Ta’lim sohasi xarajatlari 58,4 trillion so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 28,4 trillion so‘m, madaniyat sohasiga 2,5 trillion so‘m, sport sohasiga 2,3 trillion so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 2023 yilda 1,8 trillion so‘m yo‘naltirish belgilandi.
2023 yil uchun Davlat byudjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trillion so‘m ajratiladi. Shuningdek, 2023 yilda jami 52 mingdan ortiq daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 1,1 trillion so‘m subsidiyalar to‘lab berilishi ham ko‘zda tutilgan.
O‘zA