Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sen tutgan oynaga qarolmadim, men!
17:21 / 2023-07-03

Oramizdagi odamlar

Marhabo Tolipova Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi o‘rtahol oilada dunyoga kelgan. Hozir 20 yoshda. Shunga qaramay, boshidan ko‘p sinovlarni o‘tkazdi, ta’bir joiz bo‘lsa, gohida shirin-totli, gohida achchiq-iztirobli hayot qozonida qaynab toblandi.  

Tengdoshlari orasida aql-zakovati bilan keskin ajralib turadigan Marhabo hamma qatori yura olmaydi. Bundan nihoyatda qattiq iztirob chekadi. Lekin u to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, hayotidan noliydigan yoki o‘zini bechorahol ko‘rsatib, tilanchilik qiladigan kishilar yo‘lini tanlamadi. Aksincha, bir nechta hunarni o‘rganib, bugungi kunda halol mehnat qilayapti. Evaziga daromad orttirib, oila ro‘zg‘origa qut-baraka kirishiga baholi qudrat hissa qo‘shayapti.  

Men Marhabo bilan sinfdoshman. Shuning uchun ham o‘qituvchilarimiz dars o‘tish uchun har kuni biz bilan birga bu qiz yashaydigan uyga borishganini yaxshi bilaman. Bunga javoban u puxta bilim olishga, berilgan vazifalarni to‘liq bajarishga harakat qilardi…  

Yaqinda tug‘ilib o‘sgan shahrim Marg‘ilonga borganimda Marhabo bilan uchrashdim. Eshikdan kirayotganimda onasi uni nogironlik aravachasiga ko‘tarib o‘tkazayotgan ekan. Meni ko‘rib, xijolat tortganday bo‘ldi va ko‘zlarini olib qochdi. Suhbatimiz davomida esa o‘zi haqida quyidagilarni gapirib berdi: 

“Birga o‘qigan paytlarimiz sizlar meni yolg‘izlatib qo‘ymadingizlar. Doimo birga o‘ynab, birga kuldingizlar. Men bundan nihoyatda quvonardim. Ayni chog‘da, o‘z oyoqlarim bilan yurib maktabga ham borgim, boshqa bolalardek yelib-yugurib, quvlashmachoq o‘ynagim kelardi. Bunday baxtdan mosuvo bo‘lganim, uyda o‘tirib qolganim uchun ko‘pincha yig‘lab, onamni xunob qilardim. Go‘yoki hammasiga u aybdordek, meni atay shunday dunyoga keltirganday o‘pkalardim.

Oradan yillar o‘tib, asta-sekin aql-hushimni tanib oldim. Shuning barobarida nogiron farzandni boqib parvarishlash ota-ona va oilaning boshqa a’zolari uchun katta azob ekanligini anglab yetdim. Pirovardida taqdirga tan berib, ularni ortiqcha qiynamaslik, qolaversa, o‘zimni ovutish ilinjida to‘qishni o‘rganishga ahd qildim. Bu ishni yaxshi o‘zlashtirib olgach, qarindosh-urug‘larimiz va qo‘ni-qo‘shnilarimiz buyurtmalarini bajara boshladim. Ipakdan avvaliga paypoqlar, so‘ngra kamzul va yubkalar to‘qib berdim. Mizojlarimning mamnunligini ko‘rganim sayin o‘zimga ishonch yanada mustahkamlanaverdi. Albatta, bu o‘rinda uyimizga kelib ta’lim bergan o‘qituvchilarimning, ayniqsa, meni mudom qo‘llab-quvvatlagan maktabimiz direktori, rahmatli Ma’muraxon To‘rayeva hamda ustozim Gulnoraxon Ergashevaning xizmatlari katta bo‘ldi. Ular mening tinmay olg‘a intilishimga sababchi bo‘lishdi.

9-sinfga o‘tgan yilim kelinoyimdan chevarlikni o‘rgandim. So‘ngra o‘zim mustaqil ravishda ayollar uchun chiroyli ko‘ylaklar tikishga kirishdim. 16 yoshimda bu boradagi mehnatim uchun ilk bor haq olganimda qanchalar quvonganimni bilsangiz edi…Eng muhimi, o‘shanda men o‘zim nogiron bo‘lsam-da odamlarga nafim tegishi mumkinligiga, kimlardir mening ham ishimdan minnatdor bo‘lishiga yana bir karra ishonch hosil qildim. Bu esa yashashga bo‘lgan ishtiyoqimni yanada kuchaytirdi.

Buni qarang, ham o‘qish, ham ish bilan andarmon bo‘lib, ikki yil qanday o‘tganini sezmay qolibman. Keyin qarasam, maktab bilan xayrlashadigan, oliy o‘quv yurtida o‘qiydigan payt ham kelib qolibdi. Ammo ketma-ket ikki yil o‘qishga kira olmadim. Bundan qattiq xafa bo‘lib, bir oz tushkunlikka tushdim…Ana shunday hazin kunlarning birida qo‘shnimiz Ozoda Meliboyeva biznikiga chiqdi. Oyim uyda emasdi. Shu bois, ikkimiz uzoq suhbatlashdik. Gapdan gap chiqib, u anchadan buyon o‘zi shug‘ullanib kelayotgan do‘ppido‘zlik san’ati haqida aytib berdi. Ozoda opaning so‘zlarini tinglab, menda bu hunarga qiziqish uyg‘ondi.

Ko‘p o‘tmay, Marg‘ilonning mashhur iroqi do‘ppisini, qizlar kiyganda hammani ko‘zi quvnaydigan kanava do‘ppi tayyorlashni o‘rgana boshladim. Hozir oyim va singlim ham yonimga qo‘shilgan. Uchalamiz har haftada 200-250 ta do‘ppi tikamiz. Ularni oyim bozorga eltib sotadi. Tushgan pul ro‘zg‘orimizni tebratish, dadamga dalda bo‘lish uchun asqatadi. Halol mehnat mevasining mazasi esa juda-juda totli bo‘ladi. Shuning uchun bu hunarimizni hozir ham davom ettirayapmiz.  

Yana bir quvonchli xabar. Bu yil men uchun har qachongidan omadli keldi. Farg‘ona davlat universitetining psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida talabalikka qabul qilindim. Mana, ikki oydan oshibdiki, astoydil o‘qiyapman. Har kuni amakim Ortiqjon Karimov universitetga eltib qo‘yadi. Borishim bilanoq Elnura, Baxtiyor, Muslimbek kabi kursdoshlarim kutib olishadi va darslarda to‘liq qatnashishimga yordam berishadi. Men shunday mehribon va sadoqatli do‘stlarim borligi uchun Allohga beadad shukronalar keltiraman.  

Ha, aytgancha, psixolog kasbini tanlaganim bejiz emas. Chunki inson hayotida shunday vaziyatlar bo‘ladiki, u kimningdir daldasiga, ruhan qo‘llab-quvvatlashiga muhtojlik sezadi. Shunday damlarda dard-hasratini diqqat bilan tinglab, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan kishiga suhbatdosh va sirdosh bo‘lgisi keladi. Men o‘zimga o‘xshagan odamlar qalbiga yo‘l topish uchun ham ruhshunos bo‘lmoqchiman. Toki nogiron holda tug‘ilganidan yoki keyinchalik mayib-majruh bo‘lib qolganidan bu insonlarning ko‘ngli o‘ksimasin. Ular o‘z ahvolidan or qilishmasin, o‘zgalar yordamiga zor-intizor bo‘lishmasin, huda-behuda tushkunlikka tushib, hech qachon o‘zlarini keraksiz odamdek his etishmasin!” 

...Marhabo bilan xayrlashib uyga qaytarkanman, uning sabr-matonatiga qoyil qoldim. Bu shijoatli, serg‘ayrat va irodasi mustahkam qizni soppa-sog‘ bo‘lsa-da, biror kasbning etagidan mahkam tutmaganlarga yoki tayinli ish bilan shug‘ullanmaydiganlarga bemalol o‘rnak qilib ko‘rsatish mumkin. Chunki doimo harakatda va izlanishda bo‘lgan, yaxshilardan ibrat olib yashashga odatlangan odam yutqazmaydi.  

Gulshanoy ALIJONOVA,  

O‘zJOKU talabasi  

O‘zA