Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sen mo‘’tabarsan, muqaddassan ayol!
14:44 / 2025-03-08

Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unga Toshkent viloyatida yashab, xalq xo‘jaligining turli sohalarida muvaffaqiyatga erishib kelayotgan onaxonlar, opa-singillar taklif etildi.

Tadbirda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev barcha latofatli ayollar va qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Jamiyatimiz va oilaning ustuni bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish azaldan xalqimizda buyuk qadriyat bo‘lib kelgani alohida ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, hozir ayollar mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan barcha sohalarda faoliyat olib bormoqda. Xususan, rahbarlik lavozimlarida 3 ming 873 nafar, tadbirkorlikda 6 ming 510 nafardan ziyod, prokuratura sohasida 14, sud idoralarida 51, ichki ishlar tizimida 130 dan ziyod, tibbiyotda 48 ming, qishloq xo‘jaligida esa 22 ming va davlat idoralarining turli jabhalarida 27 ming nafardan ortiq xotin-qizlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, ta’lim sohasida ishlayotgan ayollarning 21 nafari fan doktori, 48 nafari falsafa doktori, 25 nafari professor, 44 nafari dotsent ilmiy unvonlariga ega.

Tadbirda jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shgani uchun davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan xotin-qizlar alohida e’tirof qilindi. Jumladan, Prezidentimizning 2025 yil 4 martdagi “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni va 3 martdagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent viloyatidan ham bir qator xotin-qizlar samarali mehnati, boy tajribasi bilan yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda faol qatnashayotgani uchun mukofotlangani aytib o‘tildi.

– Kasbimni juda yaxshi ko‘raman, – deydi “OKMK aksiyadorlik jamiyatining Angren kon boshqarmasi “Ko‘chbuloq” shaxtasi kompressor qurilmalari mashinisti, “Shuhrat” medali sohibi Sanobar Abduvaliyeva. – O‘ttiz bir yillik mehnatim mobaynida sohada ko‘plab tajriba oshirdim. Bir necha kun oldin Prezidentimizning yuqsak mukofotiga sazovor bo‘ldim. Bu men uchun katta sharaf va kelgusi faoliyatimda mas’uliyat bilan yondashishimga turtki bo‘ladi.

Tadbir arafasida tashabbuskorligi, intiluvchanligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh faol onaxonlarga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirilgani ham alohida tilga olindi. Shundan so‘ng jamiyatimizning turli jabhalarida fidoyilik ko‘rsatayotgan xotin-qizlarga faxriy yorliqlar topshirildi.

– Kamtarona mehnatlarim yuksak baholanganidan juda xursandman. Men yosh olima sifatida bugungi kunda sohada o‘z ilmiy ishimni olib boryapman. O‘rta tolali g‘o‘zaning yangi tezpishar, tola sifati yuqori bo‘lgan navini yaratish ustida ilmiy ish olib boryapman. Prezidentimiz tomonidan yurtimizda olima ayollarga agrar tarmoqlarda, ilm-fanda juda keng imkoniyatlar yaratilyapti. Biz bundan unumli foydalanishimiz kerak. Kelgusida bundan-da yaxshi natijalarga erishib mamlakatimizga yanada ko‘proq hissa qo‘shishga harakat qilaman, – deydi “Eng yosh olima” nominatsiyasi g‘olibi, Paxta seleksiyasi urug‘chilik va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti tayanch doktoranti Zarina Alimova.

Bayram san’atkorlar ijrosidagi dilbar kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi. Barcha ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Musayev,O‘zA