French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sen iste’dodlisan”
18:26 / 2025-10-22

Mamlakatimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida imkoniyati cheklangan bolalarning ham to‘laqonli ta’lim-tarbiya olish huquqlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishlari uchun qulay sharoitlar yaratishda tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, inklyuziv ta’lim tizimi bosqichma-bosqich joriy etilayotgani har bir farzandning individual salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada “Sen iste’dodlisan” nomli ko‘rik-tanlovning tashkil etilishi esa ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Tanlov imkoniyati cheklangan bolalarning iqtidorini kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga zamin yaratish yo‘lida muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.

Buxoro viloyati Olot tumani markazida joylashgan Madaniyat va ma’rifat maskani binosida mazkur tanlovning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida tarbiya olayotgan o‘quvchilar faol ishtirok etdi.

Tumanda 56 nafar bola uyda yakka tartibda, 26 nafar o‘quvchi esa inklyuziv sinflarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Tanlov aynan ushbu farzandlar uchun o‘zlarini ko‘rsatish, orzulari sari dadil qadam tashlash imkonini berdi.

Tanlov estrada-vokal (an’anaviy ijrochilik) hamda tasviriy san’at yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Har bir ishtirokchi o‘z ijodi, san’atga bo‘lgan mehr, intilishlari va ichki dunyosini o‘ziga xos tarzda namoyon etdi. Har bir chiqish yurakdan kelgan, samimiyatga boy va hayotga mehr bilan to‘la edi.

Ko‘rik-tanlovda ijodiy ishlari bilan ajralib turgan o‘quvchilar hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi. G‘olib va sovrindorlar keyingi viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. Bu esa ularning ijodiy yo‘lida yangi ufqlar, yangi maqsadlar sari dadil odim bo‘ldi.

“Sen iste’dodlisan” tanlovi nafaqat iqtidorli o‘quvchilarni kashf etadi, balki ularga ishonch bag‘ishlaydi, jamiyatga kerakli va qadrli ekanligini his ettiradi. Har bir bola betakror olam. Faqat unga imkon berish, ishonch bildirish va ko‘maklashish zarur. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.