Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Sen gol urmasang, senga urishadi"
16:53 / 2024-03-03

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi joriy mavsumi boshlanishi sharafiga mamlakatimizning 6 ta shahri qatori Jizzaxdagi “So‘g‘diyona” stadionida ham davlatimiz madhiyasi yangrab, yurtimiz bayrog‘i ko‘tarildi.

Dastlab joriy mavsumga Turkiyaning Antaliya shahrida tayyorgarlik jarayonini o‘tab kelgan Ivan Boshkovich bosh murabbiyligidagi jizzaxliklar jamoasi tarkibidagi o‘zgarishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

“So‘g‘diyona” tarkibida sezilarli darajada o‘zgarishlar yuz berdi. O‘tgan mavsumdagi jamoa yetakchisi, eng tajribali yarim himoyachi Jasur Hasanov, klub sardori, hujum orti yarim himoyachisi, iqtidorli futbolchi  Javohir Qahramonov, bir necha yillar jamoa sharafini himoya qilgan, serbiyalik legioner himoyachi Marko Kolakovich, himoyachi Alisher Salimov, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga nomzod Ollabergan Karimov, tajribali yarim himoyachi Sanjar Shoahmedov, yosh himoyachi Abdulloh Omonaliyev, yana ikki nafar Bolqon yarim oroli futbolchilari – himoyachi Tarik Isich hamda iqtidorli hujumchi Zenan Zaymovichlar “So‘g‘diyona”ni tark etdi.

Bu futbolchilarning o‘rni "U-17" O‘zbekiston terma jamoasi yosh va iqtidorli darvozaboni Muhammadyusuf Sobirov, himoyachilar Sardor Qulmatov, Islom Qobilov,Aleksey Nosko, yarim himoyachilar Oleg Zoteev, Shohruh Abdurahmonov, serbiyalik legioner yarim himoyachi Vladimir Jovovich hamda yana bir bolqonlik hujumchi Zoran Petrovichlar bilan to‘ldirildi.

Uchrashuv mehmonlarning hujumlari bilan boshlandi. Bahsning 14-daqiqasida “Neftchi” shartnoma tuzgan  Nigeriya terma jamoasi a’zosi, iqtidorli hujumchi Effiong Nsungusi himoyachilarning xatosidan unumli foydalanib, hisobni ochdi – 0:1.  

Shundan so‘ng, to‘pga egalik qilish bo‘yicha maydondagi ustunlik “So‘g‘diyona” tomoniga o‘tdi. Mezbonlar harchand harakat qilishmasin, himoyada tartibli o‘yin namoyish etgan farg‘onaliklar himoyasi “So‘g‘diyona” jamoasiga gol kirtish imkoniyatini bermadi.  

O‘yinning ikkinchi bo‘limida maydon egalarining bosimi yanada ortdi. Jizzaxliklarning yosh va iqtidorli hujumchisi Samandar Mavlonqulov, tarkibga yangi kelib qo‘shilgan serbiyalik legoner Zoran Petrovichlar yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmadi.

Futboldagi “Sen gol urmasang, senga urishadi”, degan ibora yana bir bor o‘z isbotini topdi. O‘yinning 60-daqiqasida yana o‘sha tinib-tinchimas nigeriyalik legioner Effiong Nsungusi 2-golini kiritib, o‘rtadagi farqni 2 taga yetkazdi, avvaliga hakamlar golni inobatga olmay, o‘yindan tashqari holat qayd etishdi. Lekin VAR ko‘rilgach, gol  urilgani aniqlandi – 0:2.

Uchrashuv bosh hakami Asker Najafaliyev tomonidan qo‘shib berilgan 90+3-daqiqada “So‘g‘diyona” jamoasi tarkibiga zaxiradan qo‘shilgan yana bir legioner futbolchi Lyupcho Doriyev gol kiritib, o‘rtadagi farqni bittaga qisqartira oldi, xolos – 1:2.

Jizzaxliklarning boshqa gol kiritishga vaqtlari ham, imkoniyatlari ham yetmadi.  

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich 1-turdagi ilk mag‘lubiyatini quyidagicha izohladi:“Bugun boshqacharoq natija kutgandik. Albatta, mag‘lubiyatga uchrash yoqimsiz. O‘yin ancha qiziqarli kechdi. Raqib kuchliroq edi. O‘z maydoningda o‘ynaganda bunday gollar o‘tkazish hamisha yoqimsiz. Raqibga imkoniyat berdik va ular bundan foydalanishdi. “Neftchi” darvozamiz oldida deyarli vaziyatlar yaratmadi, ammo minimal imkoniyatlarini golga aylantira oldi.Xatolarni tahlil qilamiz va keyingi bahslarda bunday xatolar qilmaslikka intilamiz. Hali mavsum endi boshlandi. Kimning imkoniyati qanday ekanligini baholashga erta.Kech gol kiritdik va raqibga yana bosim o‘tkazish uchun vaqt yetmay qoldi. Umuman olganda, shogirdlarim yomon o‘ynamadi, deb ayta olmayman. Individual tomonlama biroz zaifroq o‘ynadik.Keyingi o‘yin besh kundan so‘ng bo‘lib o‘tadi. Yaxshi kayfiyatda tayyorgarlikni davom ettirish kerak, deb o‘ylayman. Bu birinchi  o‘yin va atigi uch ochko. Hozircha kimda qanday kuch borligini bilib bo‘lmaydi”,dedi jizzaxliklar ustozi.

1-turning boshqa uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Nasaf” (Qarshi) – “Olimpik” (Toshkent) – 2:0, “Navbahor” (Namangan) – “Dinamo” (Samarqand) – 3:1 “Bunyodkor” (Toshkent) – “Qizilqum” (Navoiy) – 1:3.

“Surxon” (Termiz) – “Paxtakor” (Toshkent), “Lokomotiv” (Toshkent) – “Metallurg” (Bekobod), OKMK (Olmaliq) – “Andijon” (Andijon) bahsi bilan 1-tur o‘yinlariga yakun yasaladi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri