Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sen aziz va muqaddassan, ayol” tanlovi
18:44 / 2024-03-02

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgan “Sen aziz va muqaddassan, ayol” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.  

Tadbirda Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova tavallud topgan kun hamda Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida yakunlangan ushbu tadbirning o‘ziga xos ibratli jihatlarga egaligi e’tiborga molik. Ya’ni unda hali  biron bir tanlovlarda ishtirok etmagan, chekka hududlarda yashayotgan, hayotning turli jabhalarida fidoyilik ko‘rsatayotgan oddiy xotin-qizlar ham faol qatnashdi. Buni tanlov nominatsiyalarining “Eng yaxshi zahmatkash fidoyi ayol”, “Bu – mening onam”, “Eng tarbiyali farzand tarbiyalagan, boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz ayol”, “Ma’rifatli ayol”, “Eng yaxshi qaynona-kelin”, “Eng saranjom-sarishtali xonadon bekasi”, “Ayollar daftarida turgan va ish faoliyatini yo‘lga qo‘yib o‘zini-o‘zi band qilgan ayol” kabi nomlaridan ham bilsa bo‘ladi. Tanlovda 21 ming 500 nafar xotin-qiz ishtirok etgani jamiyat hayotida ayolga bo‘lgan yuksak e’tibordan dalolatdir.

– Hayotda ona uchun eng katta baxt bu  farzandlarining tarbiyasi ortidan rahmat eshitishdir, – deydi Shirin shahrining Nurobod mahallasida istiqomat qilayotgan mehnat faxriysi Mavluda Sobirova. – Shu ma’noda “Sen aziz va muqaddassan, ayol” tanlovining eng tarbiyali farzand tarbiyalagan onalar nominatsiyasi g‘oliblari qatorida bo‘lganim men uchun juda katta e’tirof bo‘ldi. Uch nafar farzandim bor. Uchalasi ham oliy ma’lumotli. Muhimi, ularning har biri el-yurt ishida har doim faol va fidoyi. Nabiralarim esa maktabda a’lo baholarga o‘qimoqda.

“Sen aziz va muqaddassan ayol” tanlovining 10 ta nominatsiyasi bo‘yicha Sirdaryo viloyati tuman va shaharlaridan jami 110 nafar ishtirokchi g‘olib, deb topildi. Ularga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri