Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Seminar yetakchi mutaxassislar ishtirokida o‘tkazildi
16:19 / 2025-05-31

Davlat rahbarining 2024 yil 22 noyabrdagi “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filialida akusher-ginekolog, onkolog va onkoginekologlar uchun o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirda 30, 40 va 50 yoshdagi ayollar o‘rtasida so‘nggi yillarda dolzarb muammoga aylangan bachadon bo‘yni saratoni (BBS), shuningdek, 30 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan ayollar orasida keng tarqalgan ko‘krak bezi saratoni (KBS) bo‘yicha skrining tekshiruvlarini tashkil etish va raqamlashtirish jarayonlari, jumladan, “Skrining-registr” elektron platformasidan foydalanish tartiblari keng muhokama qilindi.

Seminarda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazining yetakchi mutaxassislari ishtirok etib, filial tibbiyot xodimlariga amaliy tavsiyalar va metodik ko‘rsatmalar berdilar. Skrining jarayonlarini sifatli va samarali tashkil etish, ayollar salomatligiga xavf tug‘diradigan kasalliklar, ayniqsa bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash orqali xavf omillarini bartaraf etish maqsadida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

– Markaz mutaxassislari tomonidan akusher-ginekolog, onkolog va onkoginekologlar uchun o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminar bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini erta bosqichda aniqlash va davolash masalalariga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bu tibbiyot xodimlarining bilimi va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi Sirdaryo filiali direktori vazifasini bajaruvchi Shahlo Xojayeva.

Bahs va munozaralarga boy tarzda o‘tgan tadbir davomida Prezident qarorida belgilangan vazifalarga amaliy yondashuvlar bildirilib, mutaxassislar tomonidan tegishli metodik ko‘rsatmalar taqdim etildi.

– Prezidentimiz qarorida belgilangan vazifalarni to‘g‘ri va samarali amalga oshirish uchun har bir mutaxassis zamonaviy yondashuvlar va raqamlashtirish texnologiyalarini puxta o‘zlashtirishi zarur. Chunki “ayollar salomatligi – jamiyat salomatligi” degan tamoyilga asosan, skrining tadbirlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish orqali ko‘plab kasalliklarni erta aniqlash va davolash imkoniyati yaratiladi. Shu nuqtai nazardan, bunday o‘quv-amaliy seminarlarning ahamiyati beqiyos, – deya ta’kidladi Sirdaryo filiali direktorining reproduktiv salomatlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G. Mardonova.

Eng muhimi, mazkur seminar tibbiyot xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shu bilan birga, ayollar salomatligini saqlashga qaratilgan maqsadli dasturlarni samarali amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri