Sirdaryo viloyatida suv xo‘jaligi tashkilotlarida yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish, kollektor-drenaj tarmoqlarini klaster va suv iste’molchilariga biriktirib berish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyev, soha mutasaddilari, klaster va fermer xo‘jaligi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar havza boshqarmalari boshlig‘ining o‘rinbosarlari, meliorativ ekspeditsiya boshliqlari ishtirok etdi.

Seminar qatnashchilari dastlab Quyi Sirdaryo ITHB (irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi) tasarrufidagi Sho‘razak-Sirdaryo ITB(irrigatsiya tizimi boshqarmasi)da bo‘lib, u yerda tashkil etilgan yordamchi xo‘jalikdagi limonchilik, qo‘ychilik, quyonchilik, baliqchilik, parrandachilik faoliyati bilan tanishdi. Seminar qatnashchilari Sayxunobod tumanidagi “Sirdaryo politeks” klasteriga qarashli dalalarda bo‘ldi, bu yerda ko‘rgazmalar tashkil etildi.
– Viloyatda 7 832 km kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud bo‘lib, shundan 1 974 km qismi meliorativ ekspeditsiya hisobida, 5 857,6 km qismi xo‘jalik ichki kollektor-drenaj tarmoqlari hisoblanadi. Xo‘jalik ichki kollektor-drenaj tarmoqlari 100 foiz klasterlarga dalolatnoma asosida berildi. Ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi 105 dona pasportlarni(tablichka) o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 93 donasi o‘rnatildi.
– bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 1,1 ming gektar yer ochildi, ushbu maydonlarga poliz va sabzavot ekinlari ekildi, – deydi Quyi Sirdaryo ITHB boshlig‘i Sh.Isroilov. – Kelgusida rejalarimiz ko‘p. Viloyat suvchilari uchun ularning mashaqqatli mehnatlarini qadrlagan holda dam olish kompleksini barpo etmoqchimiz.

– O‘rnak qilib ko‘rsatishga arzigulik klasterlar, fermer xo‘jaliklari bor, – deydi Suv xo‘jaligi vazirligi melioratsiya boshqarmasi boshlig‘i Q.Murodov. – Klasterlar bilan ishni birga to‘g‘ri tashkil etib, xususiy sherikchilikni rivojlantirsak ishimizda unum bo‘ladi. Mablag‘ tejaladi, dehqonning daromadi ortadi. Qolaversa, ular davlatdan 10 yil mobaynida subsidiya oladi.
Seminarda ishtirokchilar barcha savollariga javob oldi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA