Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Seminar: kambag‘allikka qarshi kurashish yo‘llari
15:55 / 2022-05-12

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Nobel mukofoti laureatlari Abxijit Banerji va Ester Duflo asos solgan J-PAL bilan birgalikda kabag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturlari samaradorligini oshirish uchun O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishga ko‘maklashish maqsadida seminar tashkil etdi.

"J-PAL va O‘zbekiston: kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik va tajriba almashishning boshlanishi" mavzusidagi ilmiy-uslubiy seminarda kambag‘allikka qarshi kurashish uchun jahon amaliyotlari va usullarini o‘rganish, kelajakdagi qo‘shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirish maqsadida ijtimoiy himoya, bandlik va tadbirkorlik, ta’lim masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonda yangi “mahallabay” tizimini ishga tushirish, shuningdek, Yangi O‘zbekiston strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri – 2026 yilga qadar mamlakatda kambag‘allik darajasini ikki baravar kamaytirish to‘g‘risida so‘z bordi.

Parij iqtisodiyot maktabi tomonidan tashkil etilgan J-PAL Europe tadqiqot markazining siyosat bo‘yicha direktori Killian Nolanning ta’kidlashicha, O‘zbekistonga tashrifdan maqsad, kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturlarining asosini tashkil etishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlarni ko‘rib chiqish, bunday dasturlarning ta’siri va samaradorligini o‘rganishdir.

– Tadqiqotning o‘zi siyosatni o‘zgartira olmaydi, ammo u orqali dastur ishlayotgani yoki ishlamayotganini  bilish mumkin va kelgusida bunday dasturlarga o‘zgartirish kiritishga ta’sir qiladi, – deydi J-PAL Europe siyosat bo‘yicha direktori Killian Nolan. – Bizning O‘zbekistondagi maqsadimiz texnik ko‘mak ko‘rsatish, kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturlarining asosini tashkil etishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlarni ko‘rib chiqish, bunday dasturlarning ta’siri va samaradorligini o‘rganishdan iborat.

Seminar davomida ilmiy-tadqiqot ishlarining metodologiyasi asoslari va turli mamlakatlarda amalga oshirilayotgan kambag‘allikka qarshi kurash loyihalari va vaqt o‘tishi bilan ijtimoiy himoyani tashkil etish natijalari qanday baholanishi haqida ma’lumot berildi.

– Bir mamlakatda qabul qilingan va muvaffaqiyatli isbotlangan loyihalar, hatto ikkala mamlakatda ham shunga o‘xshash omillarni hisobga olgan holda, boshqasida ham muvaffaqiyatli bo‘lishiga kafolat yo‘q, – deydi Karla Petersen. – Har bir mamlakat individual yondashuvga muhtoj.

Muhokama davomida J-PAL ekspertlari va tadbir ishtirokchilari J-PAL tavsiya qilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha harakatlarning potensial ta’sirini xolis baholash va prognoz qilish uchun, birinchi navbatda, mamlakatdagi mavjud vaziyat yuzasidan dastlabki tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, respublikada ijtimoiy himoya va kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar va ishga tushirilgan tashabbuslarni o‘rganish muhim degan fikrga keldi.

Shuningdek, ehtiyojmandlar sonini hisoblash bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni to‘plash usullari va imkoniyatlari, ijtimoiy himoyani rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishda davlatning roli, shuningdek, tahliliy ma’lumotlarni yig‘ish va ko‘rilgan choralar oqibatlari dinamikasini hisoblash usullari muhokama qilindi.

B.Meliqulova, O‘zA