French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sement va beton ishlab chiqarish hamda qo‘llashdagi zamonaviy texnologiyalar
16:49 / 2023-03-16

Poytaxtimizda o‘tkazilgan xalqaro anjuman shunday nomlandi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va “Ohangaronsement” AJ hamkorligida tashkil etilgan tadbirda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi mahalliy va xorijlik tadbirkorlar, yirik qurilish kompaniyalari vakillari, ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.  

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Bahodir Ismoilov va boshqalar keyingi yillarda qurilish materiallari sanoati rivoji, xususan, sement va beton ishlab chiqarishda jahon tajribasi, mamlakatimizdagi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni alohida ta’kidladi.

“Ohangaronsement” AJ tijorat direktori Ildar Gareyevning ta’kidlashicha, bugun qurilayotgan binolar sifati, bino va inshootlarning mustahkamligini oshirish soha vakillarining asosiy maqsadidir.

[gallery-11009]

–Shuning uchun bugungi kunda ushbu tizimda, jumladan, temir-beton buyumlar ishlab chiqarish jarayonida qanday qiyinchiliklar mavjudligini bilish juda muhimdir. Bugun tashkil etilgan anjumanda qurilish materiallari sanoatining yutuqlari bilan bir qatorda, ushbu qiyinchiliklar haqida ham fikr almashdik. Shu ma’noda, “Ohangaronsement” AJ bu sohada ko‘p yillik tajribaga ega. Biz ushbu tajribalarni bozor ishtirokchilari bilan o‘rtoqlashdik. Aytish kerakki, korxonamiz 1961 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib keladi. 2021 yilda unda katta modernizatsiya ishlari olib borilib, korxona butunlay yangilandi. Korxona  “quruq” uslubda sement ishlab chiqaradi va uning yillik quvvati  2,2 million tonnani tashkil etadi, –dedi I.Gareyev.

Anjumanda sement va beton ishlab chiqarish, mahsulotning kimyoviy tarkibi, logistika, sifat va narx, marketingi bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

–Ushbu xalqaro anjuman birinchi bor tashkil etilayotganida katta ma’no bor, – dedi "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi matbuot xizmati rahbari Jamshid Shermetov. – Chunki bugun mamlakatimizda ulkan  bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu esa qurilish materiallari sanoatining rivojlanish pallasiga kirganidan dalolat beradi. Shu ma’noda, respublikamizda jami 34 ta sement zavodi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning yillik quvvati 25 mln tonnani tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilda jami sement ishlab chiqarish hajmi 17,01 million tonnaga yetkaziladi. Yanvar-fevral oylarida respublika bo‘yicha 1,12 million tonna sement ishlab chiqarildi. Sifatli sement yetkazib berish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan bir qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘zida 7 ta yangi korxonalarni ishga tushirish natijasida qo‘shimcha 5,8 million tonna quvvat yaratiladi.  

Tadbirda bir qator xorijiy va mahalliy yirik kompaniya vakillari ham o‘z korxonalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.  

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri