AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi qaroriga asosan mamlakatimizdagi barcha sement ishlab chiqaruvchi korxonalar atmosfera havosini ifloslantirish manbalaridan namunalar olish va tahlil qilish uchun avtomatik stansiyalar, shuningdek, ularga tutash hududlarda statsionar kuzatish punktlarini o‘z mablag‘lari hisobiga o‘rnatish majburiyatini olgan.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ushbu qarorlarning ijrosini ta’minlash maqsadida muntazam ishlar olib boryapti.
Respublikadagi xavflilik darajasi 1-toifaga mansub ishlab chiqarish korxonalarida avtomatik stansiyalar va statsionar kuzatuv punktlari o‘rnatilishini doimiy nazorat qilib kelmoqda.
Shuningdek, sement korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha izchil tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. Sement zavodlaridan havoga chiqarilayotgan changlarni kamaytirish va sanitariya normalariga muvofiq holga keltirish maqsadida yangi filtrlar, elektrofiltrlar va boshqa turdagi chang-gaz tozalash uskunalari qo‘llanmoqda. Bu uskunalar changning umumiy miqdorini 75 foizdan 99 foizgacha tozalash imkoniyatiga ega.
2024 yil 29 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bayoniga muvofiq, atmosferaga chiqarilayotgan chang-gazlar darajasi yuqori bo‘lgan korxonalarda filtrlarni yangilash topshirig‘i berilgan.
Bu topshiriqni bajarish doirasida 42 sement korxonasining 26 tasida kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Jumladan, 54 208 ta filtr va 1 957 ta klapan yangisiga almashtirildi. Bugungi kunda 11 ta avtomatik monitoring stansiyasi o‘rnatilgan, Toshkent viloyatidagi “Ohangaronsement” AJda esa statsionar kuzatuv punkti tashkil etilgan.
Shuningdek, sanoat korxonalarida “Yashil belbog‘lar” barpo etish dasturi doirasida bahor mavsumida 15 ta yirik korxona atrofiga 67,22 gektar yer maydonida jami 115 090 tup ko‘chat o‘tqazildi. “Yashil makon” loyihasi bo‘yicha kuzda yana 7 500 tup ko‘chat o‘tqazish rejalashtirilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA