Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibida shu mavzu ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, hududlarda ijtimoiy soha ob’ektlarini davlat-xususiy sherikchilik asosida modernizatsiya qilish va ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlab borish masalasi yuzasidan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari M.Fayziyev taqdimot o‘tkazdi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining Toshkent viloyatidagi ijrosi bo‘yicha qilinayotgan ishlar muhokama qilindi.
Sessiyada qayd etilishicha, respublika va viloyat ishchi guruhlari tomonidan elektr energiyasi hamda tabiiy gazning viloyat hududiga kirishidan boshlab, oxirgi iste’molchining nuqtalarigacha bo‘lgan har bir tarmoq, transformator, gaz taqsimlash punktlarining bugungi kundagi iste’mol holati o‘rganilgan.
– Tahlillarimizga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 1 ming 120 ta ijtimoiy soha ob’ektni davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish zarurligi ya’ni, 100 ming tonna ko‘mir mahsuloti xarid qilinishi lozim, – deydi M.Fayziyev. –Shuningdek, 61 ta issiqxonalar to‘liq ko‘mirga o‘tkaziladi. Natijada, 32,1 million kub metr tabiiy gaz yoki 32,1 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilinadi. Sessiyada aholi iste’molchilarini quyosh panellari va geliokollektorlar bilan ta’minlash orqali, millionlab energiya tejalishiga erishilishi hisob-kitob qilindi.
Yuqoridagi masalalar yuzasidan ham deputatlarning mulohazalari tinglandi. Hududlardagi ko‘cha yoritish chiroqlarining 100 foiz quyosh panellarida ishlovchi yoritish qurilmalariga almashtirish borasidagi takliflar ham qo‘llab-quvvatlandi. Kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
A.Musayev, O‘zA