Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sell America” vahimasi bozorlarni larzaga soldi
23:09 / 2026-01-21

Prezident Donald Trampning Grenlandiya bilan bog‘liq keskin bayonoti va Yevropaga nisbatan tarif tahdidi global moliya bozorida yangi vahima keltirib chiqardi. Natijada Osiyo fond bozorlari ketma-ket uchinchi kun pasayishda davom etdi. Bu haqda “Reuters” yozgan.

Sarmoyadorlar Vashingtonni ishonchsiz hamkor sifatida ko‘ra boshladi. Bozor tilida bu holat “Sell America” — ya’ni AQSH aktividan ommaviy chiqish jarayoni, deb atalmoqda. Bunday kayfiyat sabab dollar so‘nggi bir oydagi eng kuchli qadrsizlanishni boshdan kechirdi.

Xavotir kuchaygan sari investorlar an’anaviy “xavfsiz bandargoh”lar — oltin va kumushga yuzlandi. Qimmatbaho metallar narxi tarixiy rekordni yangiladi.

Mutaxassislar fikricha, bozor Tramp siyosatini o‘ziga qarshi ishlayotgan, oldindan aytib bo‘lmaydigan strategiya sifatida qabul qilmoqda. Prezident esa aksincha, Grenlandiya masalasida ortga yo‘l yo‘qligini aytib, hatto kuch ishlatish ehtimolini ham istisno etmagan. Bu bayonotlar Yevropa bilan savdo urushi qayta tiklanishidan qo‘rquvni kuchaytirdi.

Shu asnoda Yevropa Ittifoqi payshanba kuni Bryusselda favqulodda sammit o‘tkazib, Vashingtonga javob choralarini muhokama qilmoqchi. AQSH – YeI o‘rtasidagi ko‘p yillik ittifoq ilk bor jiddiy sinovdan o‘tmoqda.

Osiyo bozorlarida Yaponiya indeksi keskin tushdi, Yevropa fyucherslari ham qizil hududda. AQSH fond bozori esa keskin qulashdan keyin vaqtincha nafas rostladi, ammo beqarorlik saqlanib qolmoqda.

Valyuta bozorida dollar zaiflashdi, yena va shveysar franki mustahkamlandi. Neft narxi pasayib, global iqtisodiy sekinlashuv xatarini yanada kuchaytirdi.

Bugun barcha nigohlar Davosda bo‘lib o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumiga qaratilgan. Trampning navbatdagi chiqishi bozorlar uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Aks holda, global moliya tizimidagi beqarorlik yanada chuqurlashishi ehtimoli yuqori.

Musulmon Ziyo, O‘zA