Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sel va ko‘chki xavflariga qarshi amaliy choralar
22:04 / 2025-05-19

Joriy yilda sel-toshqin va ko‘chkilardan muhofaza uchun davlat tomonidan 130 mlrd so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobiga 68 ta hududda muhandislik himoya tadbirlari olib boriladi. Mazkur raqamlar ortidagi asosiy maqsad esa — aholining xavfsizligi.

Bundan tashqari, hududlarda 133 ta maxsus-taktik mashqlar o‘tkazilib, 138 km daryo va kanallar tozalangan. 347 mingga yaqin fuqaro profilaktik tadbirlarga qamrab olingan.

Bu yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, “O‘zgidromet” agentligi mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanda aholini tabiiy ofatlardan himoya qilish, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, har yili Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va boshqa viloyatlarda daryo va soy o‘zanlarini tozalash, qirg‘oqlarni mustahkamlash kabi ishlarni mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur chora-tadbirlar xavfni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

Hukumat tomonidan mavzuga doir xarajatlar uchun har yili katta miqdorda mablag‘ ajratib kelinmoqda. Xususan, 2021 yilda — 98 mlrd so‘mdan ortiq, 2024 yilda esa — 150 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Joriy  yilda esa davlat byudjeti hisobidan 130 milliard so‘m ajratilib, 68 ta muhandislik himoya ob’ektida zarur ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan bir qatorda, favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, qutqaruv mashg‘ulotlari va aholini ogohlantirish ishlarining ham ko‘lami ortib bormoqda. Misol uchun, joriy yilda jami 131 ta nazorat-kuzatuv punkti zaruriy texnika va aloqa vositalari bilan ta’minlangan.

Shuningdek, maxsus idoralararo shtab tashkil etilib, unda Favqulodda vaziyatlar, Suv xo‘jaligi, Sog‘liqni saqlash va boshqa tashkilotlar hamkorlikda ish olib bormoqda.

Yana 133 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, ularda qariyb 4500 nafar ishtirokchi va 900 dan ortiq texnika jalb etilgan. 138 kilometr uzunlikdagi magistral kanal, daryo va soylar tozalangan.

Aholi orasida esa 2600 dan ziyod profilaktik-ogohlantiruv tadbirlar o‘tkazilib, xabardorlikda 347 mingdan ziyod fuqarolar qamrab olingan.

Bundan tashqari, fuqarolarga xavf haqida ma’lumot berish va xabardorlikni oshirish maqsadida ularga 250 mingdan ziyod eslatma va bukletlar tarqatilgan.

OAV orqali esa 12 mingga yaqin chiqishlar amalga oshirilgan. Tadbir so‘ngida OAV vakillarining savollariga javob berildi. 

M.Eshmirzayeva, A.Sodiqov, I.Ismatov, O‘zA