Bu yilgi bahor fasli seryog‘in bo‘lmoqda. Bu bir tomondan, yerlarning suvga to‘yinishi, chorva uchun o‘t- o‘lanlarning mo‘l bo‘lishini ta’minlasa, ikkinchi tomondan, kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida tog‘ oldi mintaqalarda sel kelish xavfini oshirmoqda.
Xususan, joriy yilning 21-mart kuni yog‘gan kuchli yomg‘ir natijasida Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Oyoqchi qishlog‘iga sel keldi. Qishloqni oralab o‘tgan daryo o‘zanlari bilan to‘lib, pishqirib oqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli yomg‘ir natijasida to‘lib og‘gan daryo suvi qishloqni tuman markazi bilan bog‘lab turuvchi, xalq tilida “Oyoqchisoy daryosi” deb ataluvchi daryoga qurilgan ko‘prikning bir chetini yuvib ketgani aks etgan lavhalar tarqaldi.


Holatni o‘rganish uchun o‘sha manzilda bo‘ldik. Ma’lum bo‘lishicha, tunda boshlangan yog‘ingarchilik tongda kuchayadi. Kitob tumanining Oyoqchi qishlog‘ini tuman markazi bilan bog‘lovchi ko‘prik ostidagi tuproq yemirilib, o‘rtada jarlik paydo bo‘ladi. Ko‘prik texnika tugul piyoda uchun ham xavfli bir holga keladi. Pastda esa daryo loyqalanib, pishqirib oqardi, xayriyatki, bu vaqtda hali harakat boshlanmagandi, deydi mahalliy aholi.
Borganimizda, ko‘prik emas, balki ko‘prikni yo‘l bilan tutashtiruvchi tuproq qism o‘pirilib tushganini ko‘rdik. Lekin tez fursatda ushbu holat tegishli mas’ullar tomonidan bartaraf etilib, hozir ko‘prik ustida harakat doimgidek davom etmoqda.


Mahalladagilar ko‘prikdagi nosozlik o‘sha kunning o‘zida tegishli mas’ullar nazoratiga olinib, kechga qadar harakat tiklab berilganini ma’lum qilishdi.
Qishloqni “Rusqishloq–Makrid–Minjir” avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi Oyoqchisoy daryosi ustidagi ushbu ko‘prik harakatning asosiy yo‘nalishini ham ta’minlab beradi. Qolaversa, qishloq tog‘ etaklarida joylashgan bo‘lib, yomg‘irlar mavsumidagi sellarning tez- tez kuzatilishi odatiy holga aylangan. Ko‘prikdagi nosozlik ham ana shu sel oqibatlari bo‘lib, daryo o‘zani yo‘nalishining o‘zgarishi ortidan yuzaga kelganini taxmin qilish mumkin edi. Ammo barchasi ortda qolib, harakat qayta tiklangan. Hozirda bu kabi vaziyatlarning qayta yuzaga kelmasligi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

Shu o‘rinda yana bir gap. To‘g‘ri, hozir muammo bartaraf etilib, ko‘prikdagi harakat tiklangan, lekin ko‘prikning har ikkala yo‘lga tutashgan joyi beton bilan mustahkamlanmagan, vaqtida ta’mirlanmagan. Qurilganiga uzoq yillar bo‘lgan ko‘prikning yo‘l bilan tutashuvchi qismining betonlari yillar davomida o‘pirilib ketgan. Bu esa keyingi sel kelishida ham xavfli vaziyatni tug‘dirishi mumkin. O‘ylaymizki, tuman mas’ullari ushbu vaziyatni tez fursatda bartaraf etishadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri