Jizzax viloyati Forish tuman hokimi Ikrom Matiyev va tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Qahramon Nazarov “Egizbuloq” mahallasida bo‘lib, kanal qurilishi ishlari bilan tanishdi.
U yerda ishchilar bilan muloqotda bo‘lib, kanal qurilishini tez va sifatli yakunlash yuzasidan mas’ullarga zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Kunlar isib qorlarning erishi va yomg‘irlar mavsumi boshlanishi bilan sel yuzaga kelish ehtimoli ortadi. Bu esa o‘z navbatida aholi xonadonlariga va mol-mulkiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shu munosabat bilan barcha fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rishlari talab etiladi.

Shu o‘rinda, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi qoshida tashkil etilgan ishchi guruhlari a’zolari tomonidan profilaktika ishlari ham amalga oshirilyapti. Bu profilaktik tadbirlar davomida ishchi guruh a’zolariga yo‘riqnomalar berilib, aholi o‘rtasida yog‘ingarchiliklar mavsumida fuqarolarga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel, suv toshqinlaridan ogoh bo‘lish, yosh bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik, o‘zboshimchalik bilan sel yo‘llariga bino, inshootlar qurmaslik, shu bilan birga, gazdan foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.

Tuman hududidan oqib o‘tuvchi soylar, sel yo‘llari o‘rganilib, shu hududlarda yashovchi qishloqlar aholisi bilan suhbatlashib, noxush holatlarning oldini olish choralari ko‘rilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA