Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sel kelgan vaqtda MTT va maktablardan bolalar evakuatsiya qilindi
12:44 / 2022-04-21

Joriy yilning 20 aprel kuni kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlarining bazi hududlariga sel kelib, favqulodda holatlarga sabab bo‘ldi.

Natijada ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha ob’ektlari, avtomobil yo‘llari, elektr tarmoqlari, ekin maydonlari seldan jiddiy zararlandi.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari xodimlari kechaning o‘zida voqea joyiga yetib borib, yog‘ingarchilik oqibatlarini bartaraf etish tadbirlari tashkil etildi.

Jumladan, Baxmal tumanining “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini “Gulobod” qishlog‘i, G‘allaorol tumanining “Moltob” qishloq fuqarolar yig‘ini “Moltob” qishlog‘i, Sh.Rashidov tumanining “Kuyovboshi”, Forish tumanining “Egizbuloq” MFYlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday holatlarda harakat qilish davlat tizimi (FVDT) organlari kuch va vositalari tomonidan tezkor choralar ko‘rildi.

O‘z vaqtida amalga oshirilgan evakuatsiya ishlari natijasida Forish tumani 15-sonli maktabdan 180 nafar o‘quvchi, 9-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotidan 149 nafar tarbiyalanuvchi xavfsiz joylarga olib chiqildi.

Aholi xonadonlarida ham evakuatsiya ishlari amalga oshirilib, sel oqimlari o‘tgan yo‘llarda xavfsizlik postlari tashkil etildi va transport vositalarining harakati vaqtincha cheklandi.

– Forish tumanida 4 nafar (1 nafar erkak, 3 nafar ayol) yurtdoshimizni sel oqizib ketishi natijasida halok bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi, – deydi Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan Farrux Abduraxmanov. – Ayni paytda, vaziyat barqarorlashib, sel oqimlari kamaygan. Viloyatimizda aprel-iyun oylari sel va toshqin xavfi yuqori davr hisoblanadi. Shu sababli, muhofaza tadbirlari kuchaytirilib, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratayapmiz.

Kuchli yog‘ingarchilik oqibatida viloyatning tog‘li va tog‘oldi tumanlaridagi, cho‘l hududlaridagi seldan ko‘rilgan zarar miqdori mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.

Mas’ul idoralar mutaxassislari salbiy oqibatlarni bartaraf etishga safarbar etilgan.

A.Qayumov, O‘zA