Qashqadaryoda “Sektorlar faoliyatini baholash (reyting) tizimining joriy etilishi hamda joriy yilning 10 va 11 oylik reyting natijalari tahlili” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.
Zoom platformasi orqali bo‘lib o‘tgan seminarda viloyatdagi 15 ta tuman va shahar sektor rahbarlari va shtab kotiblari qatnashdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri Ilhom Qurbonov ishtirok etdi. Sektor rahbarlari va kotiblariga Prezidentimizninig 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlangan “Hududlarda tuman (shahar) sektorlari rahbarlari faoliyatini baholash tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma” asosida viloyatning barcha tuman (shahar) sektorlarining reyting ko‘rsatkichlari, reyting tizimi tarkibidagi 15 ta indikatorlar, ularning shakllanish manbasi va mas’ul tashkilotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tuman (shahar) darajasidagi sektorlarning 10 va 11 oylik reyting natijalari tahlili, ulardagi eng yuqori 5 ta sektor hamda eng quyi 5 ta sektor natijalari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.

Mazkur baholash tizimi orqali Agentlikning Qashqadaryo filiali tomonidan kelgusida har oyda tegishli viloyat tashkilotlarining taqdim etgan ma’lumotlari asosida viloyatdagi 60 nafar tuman (shahar) sektor rahbarlarining faoliyat samaradorligi baholab borilishi hamda reytingi shakllantirilishi aytib o‘tildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berilib, sektorlar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘.BAROTOV, O‘zA