Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sektorlar rahbarlari tajriba almashdi
17:34 / 2023-11-20

15-18 noyabr kunlari Samarqand viloyati tuman va shaharlaridagi sektorlar rahbarlari va kotiblari uchun o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.

Dastlab tuman va shaharlar hokimlari – birinchi sektor rahbarlari va kotiblari Kattaqo‘rg‘on shahriga taklif etildi.

Hokimlar Yermachit mahalla markazida joylashgan birinchi sektor shtabi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur mahalla markazi yangi qurilgan bo‘lib, bu yerda mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari va shtab a’zolarining faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Tibbiyot punkti va tikuvchilik sexi ham tashkil etilgan.

Tikuvchilik sexiga sektor tomonidan tikuv mashinalari berilgan. Mahalla xotin-qizlari bu yerda kasb-hunar o‘rganmoqda hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

– Birinchi sektorga shahardagi o‘nta mahalla biriktirilgan, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova. – Hududdagi 6356 xonadon, 7505 oilada 32 mingdan ortiq aholi yashaydi. 49 ta ko‘p qavatli uy bor. Shuningdek, 6 ta umumta’lim maktabi, 17 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 3 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, bozor va boshqa savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatadi. Shtab ishini mahalladagi “beshlik” bilan yaqin hamkorlikda yo‘lga qo‘yganmiz. Har bir masala bo‘yicha avvalo mahalla fikri bilan qiziqamiz. Fuqarolar murojaatlari, dasturlarga takliflar ham shu tartibda ko‘rib chiqiladi. 

Davlatimiz rahbarining “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, shu yilning 15 oktyabridan yurtimizdagi 28 ta tuman va shaharda, jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida eksperiment tariqasida Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Seminr ishtirokchilariga mazkur markaz va uning faoliyati, mahallada ish olib boradigan xodim vazifalari haqida ma’lumot berildi.

Seminarda viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etib, sektorlar ishini takomillashtirish va yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.  

– Shtabda turli sohalardan yigirmaga yaqin xodim ishlaydi, agar har kim o‘z vazifasini sidqidildan bajarsa, hududda hal etilmagan muammo qolmaydi, – dedi viloyat hokimi. – 19-23 oktyabr kunlari sektor rahbarlari Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qib keldi. Maqsad – sektorlar ishini jonlantirish, mahallalarda yo‘lga qo‘yilayotgan “yettilik” bilan samarali faoliyat olib borilishiga erishish. Buning uchun sektor rahbari mahalla bilan birga har haftalik rejalarni aniq belgilab, uning ijrosini ta’minlashi kerak.  

Seminar davomida shtablar ishini tashkil etish, a’zolari faoliyatini nazorat qilish, aholi va ijtimoiy ob’ektlar muammolarini o‘rganish, ehtiyojmand oilalar bilan ishlash hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish yuzasidan fikr almashildi.  

Tuman va shaharlardagi prokurorlar boshchilik qilayotgan ikkinchi sektor mas’ullarining o‘quv -seminari Urgut tumanida o‘tkazildi.  

Tadbir ishtirokchilari, sektor hududidagi Sariqtepa mahallasida joylashgan 48-umumta’lim maktabida “Oqdaryo tajribasi” asosida o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ichki ishlar idoralari rahbarlari boshchiligidagi uchinchi sektor boshliq va kotiblari Kattaqo‘rg‘on tumanidagi hamkasblari faoliyati misolida, soliq inspeksiyalari boshliqlaridan iborat to‘rtinchi sektor mas’ullari esa Narpay tumanidagi o‘quv -seminarlarda qatnashib, o‘zaro tajriba almashdi.

Mazkur o‘quvlarda viloyat prokuraturasi, ichki ishlar va soliq boshqarmalari rahbarlari ishtirok etib, sektorlar ish samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

– Mahallada yettilik tizimi joriy qilinishi munosabati bilan joriy yilning 19-23 oktyabr kunlari barcha sektor rahbarlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘quv, amaliy seminar tashkil qilingandi, – deydi Samarqand viloyati hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Behzod Rahmatullayev. – Unda sektorlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgandi. Xususan, har bir sektor rahbariga sektor a’zolarining kunlik vazifalarini belgilab berib, haftada bir marta ularning ijrosini muhokama qilish hamda mahallalar tomonidan bildirilgan takliflar va qo‘yilgan muammolar asosida keyingi hafta rejalarini tuzish, mahalla yettiligi bilan kunlik muloqot tizimini yo‘lga qo‘yib, mahalla kesimida mavjud muammoli masalalarni belgilab olish, qish mavsumi oldidan aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida mavsumni betalofat o‘tkazish, mahallalar bilan kunlik axborot almashish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar qayd etilgandi. Sektor rahbarlari va kotiblari ishtirokida o‘tkazilgan seminarlardan ko‘zlangan maqsad ana shu vazifalar sifatli bajarilishini ta’minlash, sektor va mahallalar o‘rtasidagi hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.  

 G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari