Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sektor rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvi
16:03 / 2020-01-21

Unda faqat ushbu sektordagi emas, tumanning barcha hududlaridan yoshlar ishtirok etdi.


Jizzax viloyati Forish tumani prokurorining tashabbusi bilan hududdagi Yassikechuv mahallasidagi 72-umumta’lim maktabida 4 ta sektor rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda faqat ushbu sektordagi emas, tumanning barcha hududlaridan yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimizning 2019 yil 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi umumta’lim maktabida yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar asosida yoshlar fikrlari tinglandi, ularning tashabbus, taklif hamda muammolari o‘rganildi.

Mamlakatimizning eng katta tumanlaridan biri – Forishdagi yuzdan ziyod qishloqda 90 mingdan ko‘p aholi yashaydi. Yaqin yillargacha yirik sanoat korxonalari yo‘qligi, qishloqlarning markazdan va bir biridan, katta yo‘ldan olisda joylashgani tufayli hududning eng katta muammolaridan biri aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘lib kelayotir.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan chekka hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli Forishda 6 qo‘shma va xorijiy korxona ishga tushirildi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlanmoqda. Pirovardida, yuzlab yosh yigit-qiz ishli bo‘ldi.

Uchrashuvda yangi ish o‘rinlari yaratish, bandlikni ta’minlashda yoshlar tashabbuskorligini, rahbarlar mas’uliyatini oshirishga asosiy e’tibor qaratildi. Yoshlar o‘z muammolarini o‘rtaga tashladi, yaxshi tashabbuslar, takliflar bildirildi.

– Ikki yildan buyon Toshkentda duradgorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan edim, – dedi E.Kamolov mahallasida yashovchi Zuhriddin Shukrullaev. – Tuman hokimiga murojaat qilganimdan so‘ng mahallamizda eshik yasaydigan ustaxona ochishimga yordam berildi. Endi mahalladagi tengdoshlarimdan 7-8 nafarini yonimga olib, tumanimizda qurilayotgan yangi uylarga zamonaviy eshiklar yetkazib bermoqchiman.

Xuddi shunday ozgina ko‘mak berilsa, qo‘llab-quvvatlansa, o‘zining tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yigit-qizlar har bir qishloqda bor. Uchrashuvdagi muloqotlarning ham ko‘p qismi aynan shu mavzuda bo‘ldi. Ko‘tarilgan masalalarning ko‘pchiligi amaliy yechimini topdi.

Tadbir doirasida yoshlar mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, unda tumandagi korxona va tashkilotlar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Aholining turmush farovonligi yuksalishi bilan endilikda olis qishloqlarda tikuvchilik sexlari, go‘zallik salonlariga ehtiyoj paydo bo‘lmoqda. Davrning shu talabidan kelib chiqib, bu yo‘nalishlarda ham salmoqli ishlar qilinmoqda.

Tadbirda to‘rtta sektor rahbari sartaroshlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan kam ta’minlangan oilalardagi yosh xotin-qizlardan 40 yoshga sartaroshlik anjomlari, mehnat qobiliyati qisman cheklangan 8 ayolga tikuv mashinalari sovg‘a qildi.

Uchrashuv davomida huquqbuzarliklarning oldini olish uchun madaniy-ma’rifiy tarbiyani kuchaytirish, yoshlar bo‘sh vaqtini ko‘ngilli o‘tkazishi uchun sharoitlar yaratish, xususan, sport to‘garaklarini ko‘paytirish yuzasidan qator takliflar, tashabbuslar aytildi. 

Shuningdek, uchrashuv doirasida xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlardan 7 nafariga nogironlik aravachasi berildi.

Qishloqdagi “Xudoyberdi ota” to‘yxonasida boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalardagi 20 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi.

Uchrashuvdan kitobsevar yoshlar, ayniqsa, mamnun bo‘ldi. Tadbir tashkilotchilari – tuman prokuraturasi va Yoshlar ittifoqi tuman kengashi adabiyotga qiziquvchi 250 yoshga badiiy kitoblar sovg‘a qildi.

Bunday uchrashuvlar viloyatning boshqa tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.