Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sektor rahbarlari yoshlar muammolarini oʻrganmoqda
09:52 / 2020-06-29

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan iyun “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan Jizzax viloyatida toʻrtta sektor rahbarlari oʻz hududlarida uchrashuvlar oʻtkazdi.


Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan iyun “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan Jizzax viloyatida toʻrtta sektor rahbarlari oʻz hududlarida uchrashuvlar oʻtkazdi. Sektor rahbari va yoshlar uchrashuvlari koʻplab yechilmay kelgan muammolar hal etilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Viloyat 3-sektor rahbari, ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Gʻayrat Qodirovning unvoniga nisbat berilib “General va yoshlar” deb nomlangan uchrashuv ham shunday foydali tadbirlardan biri boʻldi. Ichki ishlar profilaktik hisobida turuvchi 30 nafar yosh, profilaktik hisobda turuvchi 70 nafar voyaga yetmaganlar hamda barcha tumanlardan yoshlar onlayn tarzda ishtirok etgan uchrashuv taklif va fikr-mulohazalarga boy boʻldi.

Uchrashuv davomida 12 nafar yosh profilaktik hisobdan chiqarildi. 4 nafar profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmagan yoshlar “Asia school” xususiy maktabiga oʻqishga joylashtirildi. Ularning maktab badal pullari viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan toʻlab beriladigan boʻldi.

Uchrashuvdan soʻng Jizzax shahridagi “Oʻrda ekologik bogʻi”ning “Vatanparvarlik” majmuasiga ishtirokchilarning sayohati tashkil etildi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi bilan “Asia School” xususiy maktabida boʻlgan uchrashuv ham shunday qiziqarli va foydali kechdi. Uchrashuvda tumanlardan onlayn aloqa orqali ishtirok etgan yoshlar sport, taʼlim, iqtisodiyot, ijtimoiy sohalarda duch kelayotgan muammolar yuzasidan savol, taklif va iltimoslariga viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi hamda viloyat tashkilotlari mutasaddilari javob berdi, bir qancha muammolar shu yerning oʻzida hal etildi.

Gʻallaorol tumanida yoshlar uchun barcha qulayliklarga ega kutubxona tashkil etish, Zomin, Zafarobod hamda Jizzax shahrida bir qator maktablarga “5 ta tashabbus” doirasidagi jismoniy tarbiya va sport, IT texnologiyalari, kitobxonlik yoʻnalishlari boʻyicha investitsiyalar kiritish kabi masalalarni hal etish tegishli tashkilotlarga yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.

Uchrashuvda yoshlar bilan suhbat ancha erkin va samimiy ruhda kechdi.

– Telefon raqamimni yozib oling. Qanday masalada, qaysi sektor hududida boʻlishingizdan qatʼiy nazar menga 24 soat davomida murojaat qilishingiz mumkin, – dedi ichki ishlar boshligʻi uchrashuvda yoshlarga murojaat qilib.

“Jizzax plastmassa zavodi” AJda 4-sektor rahbari viloyat davlat soliq boshqarmasi Yunusjon Nasimdjanov “Yoshlar oyligi” doirasida hudud yoshlari bilan uchrashdi. Zavodning ishchi pavilyonida tashkil etilgan studiyada 40 nafardan ziyod yosh tadbirkorlar, “Zoom” platformasi orqali barcha tumanlardan 400 nafardan oshiq yoshlar ishtirok etdi.

4-sektor hududida aholining 89 ming nafarini yoshlar tashkil etadi. Joriy yilda 4 ming 310 nafar yoshlarning bandligini taʼminlash boʻyicha alohida reja-grafik tuzilgan.

Ishtirokchilar tadbirkorlik faoliyatida duch kelayotgan muammo va masalalar boʻyicha 4-sektor rahbari va Markaziy bank viloyat boshqarmasi vakillariga murojaat qildi. Barcha murojaatlar boʻyicha aniq roʻyxat shakllantirilib hal etish boʻyicha masʼul xodimlar biriktirildi.

Jumladan, Gʻallaorol tumanida yashovchi Yodgora Abdusamatova oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun kredit olishda yordam soʻradi.

Uchrashuvda Yodgora singari tadbirkorlik ostonasida turgan, biroq kredit olishda muammolarga duch kelayotgan 15 nafar yoshlar uchun kutilmagan sovgʻa tayyorlangan edi. Ularga banklarning imtiyozli kreditlaridan foydalanish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi. Yodgora ham tikuv mashinalari xarid qilish maqsadida 10 million soʻmlik kredit sertifikatiga ega boʻldi.

22 yoshli Oltinoy Togʻayevaga “Kimyogar qop” MCHJga ishga qabul qilingani haqidagi buyruq nusxasi topshirildi. Xuddi shunday quvonch uchrashuv davomida turli tashkilotlarga ishga qabul qilingan 6 nafar yoshlarning yuz-koʻzida ham balqidi.

Tadbirda, shuningdek 4 nafar yoshlarga yuridik shaxs tashkil etilgani haqida guvohnoma topshirildi. Tadbirkorlikni boshlash arafasidagi yoshlarga namuna sifatida yuridik shaxs tashkil etib, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlayotgan yosh tadbirkor viloyat DSB boshligʻining tashakkurnoma va sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Uchrashuvdan soʻng zavod boʻylab info-tur tashkil etildi. Yoshlar mahsulotlar koʻrgazmasi, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.

Yoshlarning shunday uchrashuvi 2-sektor rahbari, viloyat prokurori I.Ergashxodjayev bilan Zomin tumanida oʻtkazildi.