O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi «Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida sektorlar doirasida ishlarni tashkil etish sifatini oshirish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish hamda sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, 2021 yil 3 dekabrdagi «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga muvofiq, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari lavozimi ta’sis etilgan edi.
bugungi kunda hokim yordamchilari va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektor rahbarlari birgalikda har bir mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab, xonadonbay ro‘yxat asosida har bir mahalla kesimida haqiqiy ijtimoiy vaziyatni aniqlab bormoqda. Belgilangan chora-tadbirlar rejasi asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xo‘sh, Toshkent shahrida ushbu yo‘nalishdagi qaror va farmonlar ijrosi doirasidagi ishlar qanday kechmoqda? Sektor rahbarlari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni qay darajada bajarmoqda?
Bu borada Toshkent shahri 4-sektor rahbari, shahar Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimjonov rahbarligida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdik.

— Aholi va ijtimoiy ob’ektlar muammolarini o‘rganish, kam ta’minlangan oilalar ahvolini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish ustuvor vazifalarimizdandir, — deydi 4-sektor rahbari Yunusjon Nasimjonov. — Shundan kelib chiqib, shaharning barcha tumanlaridagi mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va tegishlicha korxona-tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan «xonadonbay» har bir oila o‘rganildi.
Shaharning 4-sektorida 144 ta mahalla, 156 ming 50 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 208 ming 385 ta oila istiqomat qiladi. 680 mingga yaqin aholi xatlovdan o‘tkazilib, 4 ta toifaga ajratib olindi. Buning natijasida aniqlangan ehtiyojmand oilalar qatlami «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga qo‘shimcha ravishda kiritilib, manzilli yordam ko‘rsatilmoqda.
Jumladan, 7 ming 920 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlandi, 930 nafar fuqaroga «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish» dasturi doirasida 30,4 milliard so‘m kredit olishida ko‘mak berildi.

Shuningdek, 7 ming 896 ta oilalarga jami 12,7 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash» dasturi hamda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi» hisobidan yuzdan ortiq xotin-qizlar va yoshlarga tadbirkorlik faoliyati uchun mablag‘lar ajratildi.
Darhaqiqat, sektor rahbari tegishli vakillar bilan birgalikda o‘z yelkasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish yo‘lida qator sa’y-harakatlarni olib bormoqda, aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lib turibdi. Qator mahalla va guzarlarda, korxona va muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, ko‘makka muhtoj fuqarolarga kerakli yordam ko‘rsatilayotir.
E’tirof etish joizki, ehtiyojmand aholiga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak natijasida «Temir daftar»ga kiritilgan 14 ming 641 ta oilalarning 13 ming 882 tasi ro‘yxatdan chiqarilgan.
O‘zA