French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sektor rahbarlari olis qishloq muammolarini o‘rgandi
15:22 / 2026-02-02

Ohangaron tumanining olis Ovjazsoy qishlog‘ida aholi murojaatlari bilan ishlash, joyiga chiqqan holda ijtimoiy holatlarni o‘rganish va tibbiy ko‘riklar tashkil qilish borasida amaliy tadbirlar o‘tkazildi.

Bu hudud Qurama tog‘ tizmasi etaklari havosi toza va salqin, ayniqsa, yozning jazirama kunlari nihoyatda bahavo bo‘ladi. Kuz va qish fasllarida ham tabiati go‘zal va xushmanzara. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan, Ohangaron tumanidagi Ovjazsoyga “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgan. Bugungi kunda bu mo‘’jazgina qishloqda 300 dan ziyod xo‘jalik va ikki ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. 

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev palatka sharoitida sayyor qabul o‘tkazib, ahli va yoshlar bilan suhbatlashdi. Qabul jarayonida aholining turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha murojaatlari tinglandi. Tegishli boshqarma va tashkilot rahbarlari ishtirokida ularni shu joyning o‘zida hal etish, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar bo‘yicha esa aniq muddat va mas’ullar belgilash choralari ko‘riladigan bo‘ldi. 

Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat va intellektual salohiyatni oshirish maqsadida ko‘chalararo “Zakovat” va “Yoshlar” uchrashuvi tadbirlari, shuningdek, turli sport musobaqalari tashkil etildi. Bunday tadbirlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, do‘stona muhitni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Musobaqa g‘oliblari viloyat hokimi tomonidan munosib taqdirlandi. Tadbirda namunali oilalarga ham esdalik sovg‘alari topshirildi. 

[gallery-27428]

Tadbir doirasida mahalliy aholi uchun chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda jami 105 nafar aholi ishtirok etdi. Tibbiy ko‘riklar endokrinolog, jarroh, nevropatolog, okulist, kardiolog, stomatolog, ftiziatr mutaxassislari ishtirokida o‘tkazildi. Shu bilan birga, UTT, rentgen, EKG kabi diagnostik tekshiruvlar hamda laboratoriya tahlillar, jumladan, qon tahlillari amalga oshirildi. 

Ko‘riklar davomida aniqlangan kasalliklar bo‘yicha fuqarolarning 4 nafariga viloyat kardiologiya dispanseriga, 23 nafariga tuman miqyosida davolanish tavsiya etildi, qolgan bemorlarga ambulator, statsionar sharoitda davolanishga ko‘rsatmalar berildi va dori-darmonlar ham tarqatildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari ham aholi xonadonlariga borib sharoitini o‘rgandi. 

– Oilaviy sharoitimiz ijtimoiy xodim tomonidan o‘rganilib, dastlab menga psixologik yordam ko‘rsatildi, farzandim uchun nogironlik aravachasi berildi. Shuningdek, farzandlarim adaptiv sportga jalb etildi, turmush o‘rtog‘imning bandligi ta’minlandi. Ijtimoiy himoya sohasidagi imtiyoz va imkoniyatlar shunday chekka joylargacha yetib kelayotganidan xursandmiz, — deydi Ovjazsoy mahallasida yashovchi fuqaro Dilnoza Botirova. 

Kechga yaqin qishloqda “Munavvar oqshomlar” nomi ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ochiq osmon ostida tashkil etilgan ushbu samimiy kecha qishloq aholisiga unutilmas taassurotlar ulashdi. Taniqli xonandalarning kuy-qo‘shiqlari, jonli ijrolar va ohanglar kechaga yanada fayz bag‘ishlab, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi. Aholi uchun yoqilgan katta gulxan esa oqshomga alohida iliqlik baxsh etdi. 

Muhimi, “Munavvar oqshomlar” tadbiri Ovjazsoyda madaniy hayotni jonlantirish, aholi kayfiyatini ko‘tarish va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilgan, chinakam xalqona bayram sifatida yodda qoldi. 

A.Musayev, O‘zA.