English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sehrli archa” bayram tomoshasi bolajonlarga quvonch ulashmoqda
15:19 / 2025-12-30

Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan Yangi yil bayrami munosabati bilan bolajonlar uchun “Sehrlangan archa” nomli teatrlashtirilgan bayram shou-tomoshalari namoyish etilmoqda.

Qish beg‘ubor orzu-umidlar fasli. Bu fasl inson qalbida ezgu his-tuyg‘ularni uyg‘otib, uni iliq va yoqimli lahzalarga oshno etadi. Qishning eng sevimli bayrami bo‘lgan Yangi yil esa bolajonlarga beqiyos quvonch, kattalarga esa yoshlik xotiralarini hadya etadi.

Ayni yangi yil arafasi kunlarida Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatrida ham ko‘tarinki va bayramona muhit hukm surmoqda. Teatr ijodkorlari Yangi yil shodiyonasini yanada mazmunli o‘tkazish, bolalarga unutilmas taassurotlar ulashish maqsadida o‘ziga xos bayram dasturini tayyorlagan.

– Ijodiy jamoamiz Yangi yil bayrami munosabati “Sehrlangan archa” deb nomlangan bayram shou-tomoshasini namoyish etmoqda, – deydi teatr rahbari Xilolaxon Ziyayeva. – Maqsadimiz tomoshalar orqali bolajonlarga quvonch, bayramona kayfiyat, ularning qalbiga ezgulik ulashishdir.

Yangi yil bayrami tomoshalari bolajonlarni sehrli va mo‘’jizaviy ertaklar olamiga olib kiradi. Tomoshaning asosiy qahramonlari Qorbobo, Qorqiz va Yovuz malika timsolida yaxshilik va ezgulik hamisha yovuzlik ustidan g‘olib bo‘lishi, yomonlar albatta jazosini olishi ko‘rsatib beriladi. Xususan, yomonlik ilinjidagi Yovuz malika bayram bo‘lmasligi, Yangi yil archasining chiroqlari yonmasligi uchun turli xiylalar o‘ylab topadi. Lekin uning qilmishlari fosh bo‘lgach, barchaning oldida uyalib qoladi.

Tomoshaning bosh qahramonlari roli teatrning oliy toifali artistlari Nigora Kazakova, Dadajon Otajonov, Mavluda Parpiyeva, qolaversa, butun ijodiy jamoa tomonidan qiziqarli, rang-barang ko‘rinishlar, syujetlar orqali ko‘rsatib beriladi. 

Bolajonlar, ularning ota-onalari yuz-ko‘zlaridagi quvonch, bayramona kayfiyatni ko‘rib, beixtiyor ularga havasingiz, quvonchlariga sherik bo‘lgingiz keladi. 

– “Sehrlangan archa” bayram tomoshasi juda qiziqarli ekan, nabiralarim bilan maza qilib ko‘rdik, – deydi Andijon tumani, Dalvarzin mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Zokirjon Mahmudov. – Nabiralarim, bolajonlarning quvonchini ko‘rib, beixtiyor qalbimda shukronalik tuyg‘usi jo‘sh uradi. Yurtimizda mana shunday bayramlar bardavom bo‘lsin, yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin.  

Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatri jamoasining Yangi yil bayrami tomoshalarida turli ertaklar qahramonlari orqali rostgo‘ylik, halollik va hamisha ezgulikka intilib yashashdek yuksak insoniy fazilatlar ulug‘lanadi. 

Bolajonlarda unutilmas taassurotlar qoldirayotgan viloyat qo‘g‘irchoq teatrining Yangi yil bayrami tomoshalari 2026 yilning 10 yanvariga qadar davom etadi.

F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari