Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor uchrashuvda uch nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi
14:34 / 2022-01-17

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan Toshkent shahrida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasining 17-bandi ijrosi yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi...

Jumladan, tuman sudining sudyasi Anvar Ikromov tomonidan sudlar faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini oshirish borasida «Mening mahallam – mening sudyam» g‘oyasi asosida tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari binosida mahalla faollari va aholisi bilan sayyor uchrashuv o‘tkazildi.

Xususan, sayyor uchrashuv davomida tuman sudining sudyasi Anvar Ikromov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismining «b» bandi bilan ayblanuvchi U.X., Jinoyat kodeksi 226-moddasining 1-qismi bilan ayblanuvchi I.B. va Jinoyat kodeksi 266-moddasi 2-qismining «a» bandi bilan ayblanuvchi B.B.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

«U.X. xavfli retsidivist bo‘la turib, o‘zgalar mol-mulkini aldash va ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida bir fuqaroning ishonchiga kiradi. Unga o‘ziga tegishli bo‘lmagan «Spark» avtomashinasini sotishga ishontirib, 68.000.000 so‘m miqdordagi pullarini qo‘lga kiritib, aytgan va’dasini bajarmaydi. Firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan pullarni o‘zining ehtiyojiga sarflab yuborgan.

U.X Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismining «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga uzil-kesil o‘tash uchun oylik ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 2 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

I.B. esa Jinoyat kodeksi 226-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 1 yil 10 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

B.B. jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2021 yildagi ajrimi bilan 6 oy muddatga ma’muriy nazorat o‘rnatilganligini bila turib, mazkur tuman sudi tomonidan ma’muriy nazorat qoidalarini buzganligi uchun MJtKning 206-moddasiga asosan jarima jazosiga tortilganligiga qaramasdan, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi. U soat 22:40 larda, o‘zining yashash xonadoni bo‘lmasdan ma’muriy nazorat qoidalarini buzgan. JK 226-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat Kodeksi 226-moddasining 1-qismi bilan 1 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi», - dedi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi Anvar Ikromov.