Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor uchrashuv qizg‘in va samarali o‘tdi
11:58 / 2025-06-05

Sirdaryo viloyatining bojxona boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq, aniq va samarali muloqotni ta’minlash, bojxona sohasidagi yangiliklar va yaratilgan qulayliklardan xabardor qilish maqsadida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ishlar doirasida boshqarma boshlig‘i Nodirbek Salimjonov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Yangiyer shahrida joylashgan “Elegant Fiber Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatida sayyor uchrashuv o‘tkazildi.

Hozir ushbu korxonada 377 nafar xodim doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Korxona bolalar, ayollar va erkaklar uchun turli xildagi yuqori sifatli trikotaj mahsulotlarini mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil boshidan buyon korxona tomonidan umumiy qiymati 1,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 15 turdagi 540 ming dona tayyor trikotaj mahsuloti MDH va Yevropa mamlakatlariga “Eksport uch qadamda” tizimi orqali sotilgan.

– Sayyor uchrashuv chog‘ida tadbirkorlarga tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada rivojlantirish va soddalashtirishga qaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida atroflicha tushuntirishlar berildi, – deydi Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash sho‘’basi bosh inspektori Alimardon Umarov. – Jumladan, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi orqali mahsulotlarni qayta ishlash jarayonlarini ichki bozorda tashkil etish imkoniyatlari va bu orqali xarajatlarni qisqartirish afzalliklari muhokama qilindi.

Shuningdek, tashqi savdo jarayonlarini elektron tarzda yuritish uchun yaratilgan “E-kontrakt” axborot tizimi ishga tushirilgani va uning qulayliklari haqida ma’lumot berildi. Ayniqsa, tashqi savdo shartnomalari soni 22 tadan 6 tagacha qisqartirilishi va bitta shartnoma doirasida turli bojxona rejimlaridan foydalanish imkoni mavjudligi tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuvda davlat rahbari tomonidan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, yangi bozorlarga chiqish va milliy brendlarni yaratishga doir tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida ta’kidlandi. Shu munosabat bilan to‘qimachilik sohasida yangi milliy brendlar yaratish, xalqaro va xorijiy brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri