Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor sud majlisida alimentni o‘z vaqtida to‘lamagan 9 nafar shaxs 15 sutkaga qamaldi
10:13 / 2020-11-15

Andijon tumanida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan huquqbuzarlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ishlar ko‘rib chiqildi.

Andijonda Majburiy ijro byurosi organlari tashabbusi bilan barcha tuman va shaharlarda aliment to‘lovini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan shaxslarning javobgarlik masalasi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, - deydi MIB Andijon viloyati boshqarmasi katta inspektori Oyistaxon Abdurahmonova. – Qolaversa, otalarning o‘z farzandi uchun aliment pullarini to‘lash bo‘yicha mas’uliyatini oshirish, bu borada jamoatchilik ta’sir choralarini kuchaytirishga qaratilgan.

Sayyor sud majlislari o‘tkazilishi oldidan mahalla faollari, imomlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda oila mustahkamligini ta’minlash, ota-onaning farzand oldidagi burchlari, farzandlar tarbiyasi, ularning moddiy ta’minoti, aliment to‘lovlarini o‘z vaqtidan to‘lash lozimligi ta’kidlandi.

O‘tkazilgan sayyor sud majlisida jami 11 nafar huquqbuzarning ma’muriy ishi ko‘rib chiqilib, ularning 9 nafariga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Sud ijro hujjatiga asosan mazkur tumanda yashovchi R. Karimovdan sobiq turmush o‘rtog‘i D. Turg‘unova foydasiga bir nafar farzandi uchun aliment to‘lash belgilangan. Ijrochilar tomonidan bir necha bor tushuntirilishiga qaramasdan qarzdor 22 million 195 ming 484 so‘m miqdoridagi aliment pullarini to‘lamasdan kelgan.

Nodirabegim mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro X.Nishonov esa aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamaganligi tufayli uning qarzdorligi 28 million 871 ming 540 so‘mga yetgan.

Sayyor sud majlisida yuqorida zikr etilgan fuqarolar, shuningdek, M.Adhamjonov, D.Yuldashev, I.Mirzaboyev, E.Teshaboyev, N.Qosimov, K.Ahmadjonov, E.Teshaboyevlar ma’muriy jazoga tortildi. Ya’ni vaqtida aliment to‘lovlarini amalga oshirmaganliklari uchun ularga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Sud majlisi jarayonida qarzdor S.Badalovdan 6 million 785 ming so‘m, X.Temirovdan 15 million 193 ming so‘m aliment pullari undirilib, aliment oluvchilarga topshirildi.

F.UBAYDULLAEV, Z.UMURZOQOV (surat), O‘zA