Sayyor sud: huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rib chiqildi
Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Madaniyat markazida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan jinoyat hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida fuqarolar, uyushmagan yoshlar hamda tuman probatsiya bo‘limi nazoratida turgan shaxslar ishtirokida sayyor sud majlisi o‘tkazildi.
Dastlab sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan aliment to‘lovlarini to‘lamasdan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan 26 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rib chiqildi. Yakunda ularning 14 nafariga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, ishtirokchilar guvohligida sud qarorlari e’lon qilingan bo‘lsa, 12 nafari tomonidan aliment qarzdorligi to‘langanligi sababli ularga oid ishlar tugatildi.

Sayyor sud majlisi davomida yurtimizda sud-huquq sohasidagi islohotlar, shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar, qabul qilinayotgan qonunlar haqida ma’lumotlar berildi.

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri