English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor sud: aliment to‘lovchi ota olti oyga qamaldi, uchta oila yarashdi
11:28 / 2022-04-24

MIB Bandixon tumani bo‘limi binosida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida alimentchi ota Xolmurod Toshtemirovga nisbatan rasmiylashtirilgan bayonnoma ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi.

Sud majlisida u fuqarolik ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2020 yil aprel oyidagi sud buyrug‘iga asosan voyaga yetmagan ikki farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgani va shu davrda 19 million 885 ming so‘m aliment qarzdorligi yuzaga kelgani aniqlandi. Bu qilmishi uchun alimentchi ota Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan 6 oy muddatga ozodlikdan maxrum etildi.

–Amaldagi qonunlarimizda voyaga yetmagan farzandlariga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan,– deydi MIB Bandixon tumani bo‘limi boshlig‘i Ilhom Mamatqulov. – Lekin, bu javobgarliklar aliment to‘lashdan ozod etmaydi. Shunga ko‘ra, endilikda olti oyga ozodlikdan mahrum etilgan X.Toshtemirovning jazo muddatini o‘tash davrida olgan ish haqi hisobidan aliment qarzdorligi undiriladi.

Belgilangan bu jazo choralari aksariyat alimentchilarni sog‘lom xulosaga kelib, jigarbandlariga mehr o‘yg‘otayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Jumladan, o‘tkazilgan mazkur sayyor sud majlisida ham uch nafar aliment to‘lovchiga nisbatan rasmiylashtirilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ma’muriy bayonnoma ular yarashgani sababli tugatildi. 

Shuningdek, shu kuni tumandagi ishsiz aliment to‘lovchilarning bandligini ta’minlash va aliment pulini o‘z vaqtida undirish uchun Bandixon tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda 84 ish beruvchi 311 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. O‘nga yaqin vaqtincha ishsiz aliment to‘lovchi doimiy daromad manbaiga ega ishga joylashdi. 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, 
O‘zA muxbiri