Marjona Ergasheva Qiziltepa tumanidagi Toshmachit mahallasida istiqomat qiladi. Hozirda Navoiy davlat universitetining San’atshunoslik fakultetining 4-kursida tahsil olmoqda. U respublika ishchi guruhi tomonidan Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Navoiy shahri, Karmana hamda Qiziltepa tumanlarida istiqomat qiluvchi aholi vakillari uchun o‘tkazilgan sayyor qabulda ishtirok edi.
– Men hozirda universitetni bitirmoqdaman. Oliygohda dizayn va bosma gazlamalar yo‘nalishida tahsil oldim, – deydi M.Ergasheva. – O‘zim tikuvchilikka qiziqaman. Kelgusida o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yishni niyat qilganman. 4 ta tikish mashinkasi olib, tikuvchilik sexi ochmoqchi edim. Bugungi sayyor qabulda ishtirok etib, o‘z maqsadimni tushuntirib berdim. Menga imtiyozli shartlar asosida kredit ajratiladigan bo‘ldi. Ushbu kredit mablag‘iga tikuv mashinkasi sotib olaman va 3 nafar tengdoshlarimni ish bilan ta’minlayman. Faoliyatimni yo‘lga qo‘yib olishim uchun menga lider tadbirkor ham biriktirildi. U kishi menga mahsulot yetkazib beradi va tayyor mahsulotlarimni sotishga ko‘maklashadigan bo‘ldi.

Sayyor qabul jarayonida bir guruh fuqarolarga tikuv mashinkasi va mehnat qurollari topshirilgan bo‘lsa, ishga joylashtirish masalasida murojaat qilgan bir guruh fuqarolar doimiy ish bilan ta’minlandi.

– Sakkiz oydan buyon ishsiz edim, – deydi karmanalik Umida Nasriddinova. – Ish so‘rab bormagan tashkilotim qolmagandi. Navoiy shahrida o‘tkazilayotgan sayyor qabulni eshitib keldim. Mas’ullarga ishga joylashtirish masalasida murojaat qilgandim. Murojaatim ijobiy hal etildi. Meni “Navoiy suv ta’minoti” AJning Karmana bo‘limiga ishga olishdi.

Navoiy viloyatida vazirlik va tashkilot rahbarlari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir bo‘lgan chegara va chekka (olis) hududlarda muloqotni tashkil etish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini qisqartirish, mahallalarni obodonlashtirish va infrastrukturasini yaxshilash maqsadida Navbahor, Nurota, Xatirchi va Konimex tumanlari hamda G‘ozg‘on shahrida istiqomat qiluvchi aholi vakillari uchun Navbahor tumanidagi 2-sonli politexnikum binosida sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda Oliy sud va Navoiy viloyati sudlari rais hamda sudyalari ham ishtirok etdi. 33 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi.

Fuqarolarning 8 nafari jinoyat, 19 nafari fuqarolik ishlari, 2 nafari iqtisodiy ishlar, 4 nafari esa ma’muriy masalalar bo‘yicha murojaat qildi. Murojaatlarning 29 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, 4 ta ariza va taftish tartibida shikoyat Oliy sud tomonidan o‘rganish uchun qabul qilindi.

Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 12 ta hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 21 ta sud ishlari sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlari aholisi uchun Zarafshon shahridagi 7-sonli musiqa maktabida sayyor qabul tashkil etildi. Unda ham mas’ullar tomonidan fuqarolarning turli masalalardagi murojaati tinglandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri