Poytaxtimizda Kadastr agentligi, Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tgan bir yilda yer nazorati bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, aholiga kadastr xizmatlarini ko‘rsatish tahlili hamda sohada aholi murojaatlari bilan ishlash natijalari xususida ma’lumot berildi.
Ma’lumki, Toshkent shahrining umumiy yer maydoni 43 ming 467 gektarni tashkil etib, mahallalar soni 585 ta. Undagi yer uchastkalari soni – 2 ming 156 ta, kvartiralar soni 529 ming 223 ta, ko‘p qavatli uy-joylar soni esa 11 ming 99 tani tashkil etadi.

Tadbirda qayd etilganidek, o‘tgan bir yilda Toshkent shahri bo‘yicha aholi yashash manzillarida 3 ming 118 ta yer qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etganligi sababli 371 nafar shaxs javobgarlikdan ozod qilingan. 98 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy ish hujjatlari ish jarayonida, 41 nafar shaxsga nisbatan to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda sud organlariga yuborilgan.
Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy filiallariga ko‘chmas mulk ob’ektiga kadastr pasportini tayyorlash bo‘yicha jami 77 ming 613 ta ariza kelib tushgan. Shundan 52 ming 312 tasi ijobiy hal bo‘lgan, 24 ming 679 tasi rad etilgan, 622 ta ariza jarayonda.
Shuningdek, 124 ming 295 ta ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Vazirlar Mahkamasining 71-son qaroriga asosan Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha jami 663 ta bo‘sh yer maydonlari vakolatli tashkilotlar muhokamasiga kiritilgan. Shundan, 425 ta yer uchastkasi elektron auksion savdo maydonchasiga chiqarilgan. Auksion orqali umumiy maydoni 80,65 ga bo‘lgan 279 ta yer uchastkasi 462,91 milliard so‘mga sotilgan.

Boshqarmalar va tuman bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 10 ming 507 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 5 ming 193 tasi qanoatlantirilgan, 3 ming 874 tasiga tushuntirish berilgan, 62 tasi rad etilgan, 1 ming 304 tasi boshqa idoraga yuborilgan, 22 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan. Shuningdek, 52 ta murojaat ko‘rib chiqish jarayonida. Ijro muddati buzilgan murojaatlar mavjud emas.
Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmalari rahbariyati tomonidan sohaga oid masalalar yuzasidan poytaxt tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda 78 ta murojaat o‘rganilib, 30 tasi ijobiy hal etilgan, 48 tasi bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA