Joriy yilning 19–23 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Sirdaryo viloyat sudlari mas’ullari tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlarida sayyor qabullar o‘tkazildi.
Ushbu qabullar davomida jami 68 ta fuqaro murojaati ko‘rib chiqildi. Mazkur murojaatlardan 11 tasi fuqarolik ishlariga, 41 tasi jinoyat ishlariga, 14 tasi ma’muriy ishlarga va 2 tasi iqtisodiy sudlov masalalariga oid bo‘ldi.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan taqdimnoma (iltimosnoma)lar asosida 19 nafar mahkum o‘talmay qolgan axloq tuzatish ishlari va boshqa jazolardan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi hamda 2 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazosi yengilroq jazoga almashtirildi.
E’tiborlisi, murojaatlarning 21 tasi joyida hal etildi va fuqarolar o‘z muammolariga aniq yechim topdi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha esa tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi hamda zarur choralar ko‘rish uchun mas’ul idoralarga yuborildi.

Masalan, xorijiy davlat fuqarosi Lenura Ablakulova sayyor qabulga kelib, o‘zining fuqarolik sudiga oid murojaatini taqdim etdi. U Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lib, O‘zbekistonda meros bo‘lgan mulkni o‘z nomiga rasmiylashtirish masalasida yordam so‘radi. Sayyor qabul doirasida uning arizasi qanoatlantirildi va sud majlisida unga qolgan merosga egalik qilish huquqi berildi.
– Men Rossiya Federatsiyasi fuqarosiman, lekin O‘zbekiston Respublikasi sudlarining adolatli ish ko‘rishi va qonuniy qaror qabul qilishiga ishonch hosil qildim. Ko‘p vaqt sarson bo‘laman, deb adashgan ekanman, – deydi Lenura Ablakulova. – Mana sayyor qabulga kelganim zahoti murojaatim ijobiy hal bo‘ldi. Ortiqcha sarsongarchiliksiz. Sudlarga shunday sayyor qabullarni tashkil qilib, murojaatlarga yechim topishda qat’iy harakat qilayotganlari uchun minnatdorchilik bildiraman.

Sayyor qabullar doirasida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, ularning murojaatlari tinglandi, huquqiy maslahatlar berildi va amaliy yordam ko‘rsatildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Respublika ishchi guruhi ana shu maqsadda muntazam ravishda aholi bilan muloqotlarni tashkil etib bormoqda.
Umuman olganda, bunday tadbirlar sud tizimining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish hamda sudlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri