Jizzax shahrida viloyat Prezident Xalq qabulxonasi, adliya, ichki ishlar boshqarmalari, viloyat prokuraturasi ishchi guruhi tomonidan ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.
Mamlakatimizda xalq manfaati uchun ulkan bunyodkorlik islohotlari amalga oshirilishi barobarida, aholining dunyoqarashi, turmush tarzi ijobiy tomonga o‘zgarib borayotir. Sayyor qabullar orqali barcha darajadagi rahbarlar xalqqa yanada yaqinlashib, yuzaga kelayotgan muammolar aniq tahlil qilinmoqda va murojaatlarni joyida hal etishga e’tibor qaratilmoqda.
Jizzax viloyatida sud-huquq masalalari va tumanlarda "Ayollar daftari" ga kiritilgan, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga samarali va huquqiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabul jarayonida ham ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-7437]
Unda 45 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning 8 tasi jinoyat, 21 tasi fuqarolik, 7 tasi iqtisodiy, 9 tasi ma’muriy sudlarga oid ishlardir. Murojaatlardan 10 tasi joyida ijobiy hal etilib, qanoatlantirildi. 35 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. Muddat talab etadigan murojaatlarni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
– Ayollar daftarida ro‘yxatda turaman, qizim tibbiy yordamga muhtojligi sababli sayyor qabulga keldim, – deydi Zebo Orziqulova. – Ishchi guruh tomonidan mutasaddi tashkilot vakili taklif etilib, qizim tibbiy muassasada bepul davolanishi uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda amaliy yordam berildi. Bu kabi sayyor qabullar aholi muammolarini joyida, tez va samarali hal etish imkonini berayotir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA