Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor qabulga sehrgarlar kelmagan, hamma muammoni shu yerning o‘zida hal etish imkonsiz
17:48 / 2020-11-10

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari 10-13 noyabr kunlari Samarqand viloyatida ommaviy sayyor qabullar o‘tkazmoqda.

Bugun dastlabki qabul Samarqand tumanida mazkur tuman hamda Samarqand shahri, Nurobod va Pastdarg‘om tumanlari aholisi uchun tashkil etildi.

Qabulda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sud, bir qator vazirlik va davlat qo‘mitalari, respublika tashkilotlari mas’ullari hamda ularning viloyatdagi idoralari rahbarlari, Samarqand viloyati hokimi va sektor boshliqlari ishtirok etdi.

– Aholi bilan muloqot qilish, ularning dardlari, muammolarini eshitib, hal etish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab shu kabi ommaviy sayyor qabullar o‘tkazilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari A.Usmonov. – Samarqand viloyatiga ham poytaxtimizdan respublika vazirlik va idoralarining 50 nafarga yaqin mutasaddilari kelgan. Uch kun davomida joylarga chiqqan holda yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini eshitib, masalalarga yechim topamiz. Lekin shuni ham unutmaylikki, bu yerga kelganlar sehrgar emas, ya’ni hamma muammo shu yerning o‘zida, bir vaqtda hal bo‘lmasligi mumkin. Vaqt, o‘rganish talab etadigan muammolar bor, ammo ularga ham qonunchilikda belgilangan muddatda va tartibda javob beriladi. Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi.

Shundan so‘ng A.Usmonov va Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, poytaxtdan kelgan barcha mas’ul rahbarlar fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaatlarini eshitdi.

– Nurobod tumanining Sariko‘l mahallasidan keldik, – deydi Sobirxon Samatov. – Qishlog‘imizga tabiiy gaz bormaydi. Suyultirilgan gaz va ko‘mirdan foydalanamiz. Qishda uyimizni o‘tin, ko‘mir bilan isitamiz. Lekin bizning tumanimiz, qishlog‘imizga yetib borguncha ko‘mir narxi ancha oshib ketadi. Shuning uchun tumanimizda ko‘mir ombori tashkil etishni so‘rab keldik.

“Ko‘mirta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Aslan Qayumov bugunning o‘zida ushbu qishloqqa ko‘mir olib borilib, aholiga arzon, ya’ni belgilangan narxda sotilishini hamda ko‘mir ombori tashkil qilish masalasi ham yil yakuniga qadar hal etilishini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, shu kunlarda Samarqandga aholi, korxona va tashkilotlar, muassasalar uchun 75 vagon ko‘mir keltirilgan.

– Bugun bizga o‘ndan ortiq murojaat bo‘ldi va ularning asosiy qismi shu yerning o‘zida mutasaddilar ishtirokida hal etildi – deydi Qurilish vaziri o‘rinbosari Sh.Hoshimov. – To‘rtta masalani joyida borib o‘rganishga qaror qildik va shu hafta yakuniga qadar mummolar bo‘yicha ham yakuniy xulosa beriladi.

Qabul chog‘ida Samarqand viloyati IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi shu paytgacha fuqaroligi bo‘lgan 20 nafar yurtdoshimizga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasportini tantanali topshirdi.

– Samarqand shahrida yashayman, farzandu nabiralarim bor, lekin shu paytgacha O‘zbekiston fuqarosi emas edim, – deydi S.Azimmurodov. – Mana bugun 26 yil deganda, 60 yoshlimda fuqarolik pasporti olish nasib etdi. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Men ikki marta – Afg‘oniston va Tojikistonda urushni ko‘rgan, jang olovida qolgan insonman. Shuning uchun tinchlik qadr-qimmatini yaxshi bilaman. Boshqalarni ham yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik qadriga yetib, halol mehnat qilib, hayotga shukrona aytib yashashga da’vat etaman.

Sayyor qabulda Pastdarg‘om tumani Chandirobod mahallasidan bir guruh fuqarolar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Jumaniyozovga qishloq ichki yo‘llarini ta’mirlash masalasida murojaat qildi. Masala qo‘mitaning hududiy vakillari bilan muhokama qilinganidan so‘ng, mahallaning Ishonch va Zilolbaxt ko‘chalaridagi 400 metr yo‘lga tosh-shag‘al yotqizishga kirishildi.

 

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA