Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor qabulda turizm muammolari o‘rganildi
17:07 / 2022-08-01

Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev Sariosiyo tumanidagi Sangardak qishlog‘ida bo‘lib, turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi xodimlari, tuman hokimligi, tuman soliq, kadastr, tijorat banklari va boshqa aloqador korxona, tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etgan ochiq muloqotda hududda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish va “Turizm qishlog‘i” maqomini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr almashildi.  

Tog‘lar bag‘ridagi so‘lim maskan mo‘’jizaviy fusunkor sharsharasi bilan dunyoga tanilgan. Yer sathidan 120 metr balandlikdan qoyalarga urilib, oqadigan sharshara kamalakdek tovlanishi bilan insonga xush kayfiyat ulashadi. Muzdekkina zilol suv tomchilari bahri-dilni ochib, qalblarga quvonch bag‘ishlaydi. Nafis sunbulani silab oqayotgan sharsharaning mayin tovushi yurakka quvvat berib, asablarni tinchlantiradi. Ayniqsa, yoz jaziramasida uzoq-yaqindan odamlar tabiatning betakror, maftunkor ana shu mo‘’jizasiga talpinadi. Bu yerning musaffo, salqin havosidan nafas olib, go‘zal tabiat qo‘ynida maroqli dam olishga oshiqadi. 

Mamlakatimizda keyingi yillarda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor osmono‘par tog‘larga tutash Sangardakda ham sayyohlarga xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga qulay muhit yaratdi. Oilaviy mehmon uylari, zamonaviy dam olish zonalari, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari tashkil etilmoqda. 

Bu jarayonda turizm sohasiga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar qanday muammolarga duch kelmoqda? Yuzma-yuz muloqotda tadbirkorlar shu yo‘nalishda duch kelayotgan qator muammolarni o‘rtaga tashladi. Jumladan, tadbirkorlar sayyohlarga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish uchun tijorat bankidan imtiyozli kredit olish, ekoturistik yo‘nalishlar tashkil etishga yer maydoni ajratish, mehmon uyi ochishga amaliy yordam berish, noturar joylarga soliq imtiyozlari qo‘llash kabi masalalarda murojaat etdi. 

– Qishlog‘imizga keluvchi mehmonlar safi yil sayin ko‘paymoqda, – deydi “Sardorbek” oilaviy mehmon uyi rahbari G.Qorayev. – Xorijlik va mahalliy sayyohlar uchun uyimizning bir qismini mehmonxonaga aylantirganmiz. Ular uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida o‘ttiz million so‘mdan ko‘proq kredit mablag‘iga ehtiyoj sezyapmiz. Qabulda shu masalani o‘rtaga tashlagan edim, joyida yechimini topdi. Hokimning mahallamizdagi yordamchisi ko‘magida 33 million so‘m kredit mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi. J.Shomurodov mehmon uyi ochishda yordam so‘radi. Uning bu murojaati ham o‘z yechimini topdi. Tadbirkor N.Bekmirzayev hududni ozoda, sanitariya-gigiyena talablariga mos saqlash uchun qishloqqa maxsus chiqindi tashish texnikasi ajratish masalasini o‘rtaga tashladi. Bu murojaat ham joyida muhokama etilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.  

Sayyor qabulda o‘ndan ortiq murojaat va takliflar tinglanib, ularning aksariyatiga joyida yechim topildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar uchun aniq muddat belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. Shu kuni viloyat hokimi o‘rinbosari hududda faoliyat yuritayotgan oilaviy mehmon uylarida sayyohlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘zdan kechirib, sohani yanada rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  
O‘zA muxbiri