Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor qabulda besh nafar fuqaro muddatidan oldin jazodan ozod etildi
12:28 / 2022-02-22

Navoiy viloyat sudi raisi o‘rinbosari Timur Abramanov, jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi raisi Maqsud Rayimov tomonidan Konimex tumanida sayyor qabul o‘tkazildi.

– Unda 32 nafar fuqaro ishtirok etdi, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi raisi Maqsud Rayimov. – 11 nafar fuqaroning murojaati qanoatlantirilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar atroflicha o‘rganilib, muammolar yechimi yuzasidan qonun talabi asosida hal qilinishi uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi. Bundan tashqari, 5 nafar fuqaroning o‘talmagan jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnomalari ko‘rib chiqilib qanoatlantirildi.

Fuqaro Erkin Tursinbayev jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudining 2021 yil 17 fevraldagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismi bilan JKning 45-moddasiga asosan 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi. Sayyor qabulda u tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini bekor qilishni so‘rab murojaat qildi. Sud esa uning jazoni o‘tash davrida belgilangan tartib va qoidalarga amal qilganligi, biror marta nojo‘ya xatti-harakatlar sodir qilmagani, tayinlangan jazoning uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini haqiqatda o‘taganligi, shu sababli o‘talmay qolgan transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Sayyor qabul davomida sudyalar tomonidan sud-huquq sohasida fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, shuningdek, sud tizimida qabul qilingan so‘nggi qonun va farmoyishlar mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA