Yunusobod tumanidagi “Bog‘i Eram” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi murojaatlarini o‘rganish, mavjud muammolarni joyida hal etish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlari hamkorligida sayyor qabul tashkil etildi.
Tadbir fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammolarini tinglash va tezkor choralar ko‘rishga qaratildi. Sayyor qabul davomida uy-joy masalalari, ijtimoiy yordam, yoshlar tarbiyasi, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olishga oid qator murojaatlar kelib tushdi.

Mutasaddi rahbarlar har bir murojaatni atroflicha o‘rganib, ayrim masalalarga joyida yechim topdi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar esa nazoratga olindi.
Shuningdek, tadbir doirasida profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Ayniqsa, yoshlar va voyaga yetmaganlar bilan ishlash, ularni turli salbiy ta’sirlardan asrash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Mas’ullar ta’kidlaganidek, bunday sayyor qabullar fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, jamiyatda osoyishtalikni ta’minlash va ochiq muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlari tomonidan bu kabi hamkorlikdagi tadbirlar izchil davom ettiriladi. Zero, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifalardandir.
Nigora Rahmonova, O‘zA