Sirdaryo viloyat hokimligi, Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Xovos tumanidagi sog‘lig‘ida muammosi bor aholi vakillari uchun sayyor qabul, tumandagi 5-oilaviy shifokorlik punktida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Sayyor qabulda fuqarolarning sog‘lig‘i va tibbiyotga oid murojaati tinglandi. Ovozli tonometr, hassa, nogironlar aravachasi so‘rab murojaat qilgan 16 nafar murojaatchiga buyumlar, 5 nafar fuqaroga Respublika ixtisoslashtirilgan, 10 nafar fuqaroga viloyat miqyosidagi davolash profilaktika, qolgan fuqarolarga tuman darajasidagi davolash muassasalarida davolanish, tibbiy maslahat olish uchun yo‘llanma va tavsiyalar berildi.
Murojaatlar asosan buyrak yetishmovchiligi, tug‘ma yurak nuqsoni, yurak ishemik insultdan keyingi holat, quloq o‘simtasi, avto halokat oqibatida kelib chiqqan suyak bilan bog‘liq jarohat, ko‘krak, bel umurtqasi bilan bog‘liq skolioz, o‘ng oyoq mushaklari gipotrofiyasi, qandli diabet, chap chanoq son bo‘g‘imining tug‘ma chiqishi, ko‘z sohasi kasalliklari yuzasidan bo‘ldi.
[gallery-9200]
Tumandagi 5-oilaviy shifokorlik punktida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda oftalmolog, kardiolog, endokrinolog, nevropatolog, terapevt, akusher-ginekolog, onkolog, urolog, xirurg, travmatolog, pediatr, bolalar nevropatologi, dermatolog, ona va bola skrining markazi mutaxassislari ishtirok etdi.
Shifokorlar 350 dan ortiq, turli yoshdagi, sog‘lig‘ida muammosi bor aholi vakillari bilan suhbatlashib, ularga o‘z tavsiyalarini berdi.
Uyda yotib qolgan bemorlar holidan xabar olinib, amaliy yordam ko‘rsatildi. Sayyor qabulda "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi patronaj brigadasi a’zolari ham ishtirok etib, ular tomonidan aholiga zarur dori-darmon vositalari, vitaminlar berildi.
Sh.Suyarov, Sh. Ortiqboyev (surat), O‘zA